Uy sharoitida karantinda saqlash tartibi belgilandi

13:59 27 Aprel 2020 Jamiyat
1136 0

Hukumat qarori bilan Koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni uy sharoitida karantinga joylashtirish va saqlash vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Nizomga koʻra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan shaxs aniqlanganda sanitariya-epidimiologik osoyishtalik markazlari hamda hududiy ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan darhol koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan muloqotda boʻlganlarning roʻyxati shakllantiriladi.

Ichki ishlar organlari Milliy gvardiya organlari bilan hamkorlikda darhol muloqotda boʻlgan shaxslarning roʻyxatida koʻrsatilgan shaxslarni uy sharoitida karantinga joylashtirilishi va saqlanishini taʼminlaydi.

Muloqotda boʻlgan shaxslar 14 kun davomida yoki ularning sogʻligʻi holatiga koʻra sogʻliqni saqlash organlari tomonidan belgilab berilgan muddat davomida uy sharoitida karantinga olinadi.

Muloqotda boʻlgan shaxs uy sharoitida karantinga olinganda u bilan bir uyda yashovchi barcha shaxslar karantinga olinadi.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslarning karantin muddati davomida uylarni tark etishlari qatʼiyan man etiladi, ularga kechiktirib boʻlmaydigar tez tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq hollar bundan mustasno.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxs bilan bir uyda boʻlgan boshqa shaxslar orasida koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda, qolgan shaxslar uchun karantin muddati qaytadan boshlanadi.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslar karantin muddati davomida tibbiyot xodimlari tomonidan har kuni 2 mahal koʻrikdan oʻtkaziladi. Bunda birinchi koʻrik soat 9:00 gacha, ikkinchi koʻrik 16:00 gacha amalga oshirilishi lozim.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan haftada bir marotaba karantinga olingan uyning (xonadonning) tevarak-atrofida dezinfeksiya tadbirlari oʻtkazilishi taʼminlanadi.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslarda karantin muddatida koronavirus infeksiyasi aniqlanmasa, ularni uy karantinidan chiqarish boʻyicha sogʻliqni saqlash organlari tomonidan qaror qabul qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер