Uch viloyatda korrupsion holatlar fosh etildi (+video)

12:12 06 Sentyabr 2025 Jamiyat
224 0

Fargʻona, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida korrupsion holatlar aniqlandi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, shu yilning yanvar oyida Fargʻona viloyati Furqat tumanidagi “Yoshlar kichik sanoat zonasi” hududidan mahalliy masʼuliyati cheklangan jamiyatga qurilish materiallari ishlab chiqarish maqsadida uzoq muddatga 22 sotix yer maydoni ijaraga berilgan.

Lekin, muqaddam sudlangan MCHJ rahbari sotish huquqi boʻlmasada, ushbu yer maydonini xaridorga 52 ming AQSH dollariga sotishga kelishib hamda viloyat hokimligi huzuridagi “Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi”da ishlovchi tanishi orqali uning nomiga xususiylashtirib berishi evaziga 15 ming AQSH dollari, jami 67 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Fargʻona viloyati hokimligi huzuridagi “Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi”ning Furqat tumani boʻyicha yetakchi mutaxassisi MCHJ rahbari bilan birga 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Shuningdek, DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi yuriskonsulti viloyat maʼmuriy sudining apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqilayotgan maʼmuriy ishni mansabdor tanishlari orqali Boʻka tumanida aholiga xizmat koʻrsatuvchi MCHJ taʼsischisi foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan yuriskonsultga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Shu kabi yana bir holat Surxondaryo viloyatida ham aniqlangan.

Unga koʻra, Shoʻrchi tumani davlat soliq inspeksiyasining soliq inspektori xizmat mavqeyidan foydalangan holda 1999-yilda tugʻilgan fuqaro bilan oʻzaro til biriktirib, mahalliy tadbirkorga tegishli boʻlgan MCHJning 19 million 400 ming soʻmlik soliq qarzdorligini soʻndirib berish evaziga 8 million soʻm talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Prokuratura va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, dastlab 1999-yilda tugʻilgan fuqaro soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida qoʻlga tushgan.

Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu fuqarodan 6 million soʻmni uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida soliq inspektorining noqonuniy harakatiga chek qoʻyilgan.

Ayni vaqtda soliq inspektoriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan, uning jinoiy sherigi boʻlgan fuqaroga esa Jinoyat Kodeksining 28,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 212-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер