Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.
“Hayot bir haqiqatni doimo taʼkidlab keladi: tarixni puxta bilmasdan turib, kelajakni barpo etib boʻlmaydi. Shu bois, har bir tashkilot va muassasa tarixini oʻrganish, ularda mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz”, — dedi Prezident.
Shu maqsadda olimlar, soha faxriylari va faollari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar yurtimizda kasaba uyushmalari harakatiga 1905-yilda asos solinganini isbotladi. Shu bois, bu yil butun mamlakatimiz boʻylab, kasaba uyushmalari harakatining 120-yillik yubileyi keng nishonlanmoqda.
Bundan toʻrt yil oldin Toshkent shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarixi muzeyi sohaga oid maʼlumot va eksponatlar bilan xalqimizni tanishtirishda muhim rol oʻynamoqda.
Mana shu qutlugʻ sana munosabati bilan Prezidentimiz mehnatkash xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari”ni tashkil etishni taklif qildi.
Viloyat hokimlariga kasaba uyushmalari bilan maslahatlashib, bogʻlar uchun joy ajratish topshirildi.
“Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini tashkil qilsa, oʻylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha boʻladi”, — dedi Prezident.
Uchrashuvda kasaba uyushmalari vakillari bilan muloqot oʻtkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.
“Birgalikda boshlagan ishlarimiz har bir mehnat jamoasi, har bir xodim va uning oilasi uchun manfaatli boʻlayotganiga yana bir bor amin boʻldim.
Bundan buyon ham “Inson qadri uchun”, degan ezgu gʻoya Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.
Fursatdan foydalanib, siz, azizlarni Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining 120-yillik yubileyi va yaqinlashib kelayotgan kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxt-saodat, fayz-u baraka tilayman”, — dedi Prezident uchrashuv yakunida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring