Uch marta ofsayd qopqoniga tushgan “Real Madrid” baribir gʻalaba qozondi

22:29 26 Oktyabr 2025 Sport
487 0

26-oktyabr oqshomida muxlislar 2025/2026-yilgi mavsumdagi dastlabki “El-Klassiko”ga guvoh boʻldilar. Temp, taktika va ehtiroslar jangidan tashkil topgan ushbu toʻqnashuv bu gal ham oʻzgacha oʻtdi.

“Real Madrid”ning asosiy tarkibida katta oʻzgarishlar amalga oshirilmadi. Markaziy himoyaga Militao va jarohatdan qaytgan Hyuysen joylashtirildi. Oʻng qanot kutilganidek, Valverdega, chap qanot esa Karrerasga ishonildi. Yarim himoyada Chuameni, Kamavinga, Bellingham va Guler harakat qildi. Hujumda esa Vinisius Junior va Kilian Mbappe oʻrin oldi.

Tarkibdagi eng kutilmagan qaror Kamavinganing asosiy tarkibda tushishi va oʻng qanot yarim himoyasida oʻynashi boʻldi. Eʼtirof etish kerakki, bu oʻylanma bir necha vaziyatlarda “Real”ning foydasiga ishladi.

“Barselona”da ham katta oʻzgarishlar kuzatilmadi. Himoya markazi Erik Garsiya va Kubarsiga ishonildi. Qanotlar Kunde va Baldega topshirildi. Tayanch yarim himoyada Pedri va De Yong harakat qildi. Hujum chizigʻida Rashford, Yamal, Fermin Lopes va Ferran Torres maydonga tushdi.

Oʻyin boshini “Real Madrid” faol boshladi. Sal qolsa, “Barselona”ning ofsayd qopqoni jamoaning boshiga balao keltirishi mumkin edi. 2-daqiqada “kataloniyaliklar” sunʼiy ofsayd yuzaga keltirishda qoʻpol xato qildilar. Natijada Vinisius Junior zarba berish pozitsiyasiga chiqib bordi va yakunda penalti bilan tugashi mumkin boʻlgan epizod “Barselona” foydasiga jarima toʻpi bilan yakunlandi.

10 daqiqa oʻtib esa “Barselona”ning ofsayd tuzogʻi juda yaxshi ishladi. Pedri toʻpni yoʻqotgan vaziyatda Kilian Mbappe ajoyib zarba bilan hisobni ochgandek boʻldi. Ammo VAR vaziyatni tekshirib, ushbu holatda kichik ofsayd borligini aniqladi va gol bekor qilindi.

Lekin 21-daqiqada “Real Madrid” baribir maqsadiga yetdi. Bu gal “Barselona” himoyasining ofsayd qopqoni ishlamadi.

“Barselona” darvozasiga kiritilgan gol muallifi Kilian Mbappe barcha musobaqalarda qatorasiga 4 ta “El-Klassiko”da gol urgan uchinchi futbolchiga aylandi. Undan oldin bu ishni faqatgina Krishtianu Ronaldu va Ronaldinyo uddalay olgan edi.

Shundan soʻng “Barselona” ham oldinga chiqishni boshladi. Jamoa hujumlarida xilma-xillik oshdi. 37-daqiqada Arda Guler toʻpni hududdan chiqarib yubora olmadi. Natijada ajoyib kombinatsiya uyushtirgan “Barselona” Fermin Lopesning goli orqali hisobni tenglashtirdi.

Shundan soʻng “Real Madrid” taymni gʻalaba bilan tugatish uchun bor resurslarini ishga soldi. 42-daqiqada Vinisius Junior qanotdan ajoyib yurishni amalga oshirdi va jarima maydoni ichiga aʼlo uzatma berdi. Bu vaziyatda hujumga qoʻshilgan Eder Militao havodagi toʻpni Jud Bellingham yoʻliga toʻgʻrilab berdi. Angliyalik futbolchi esa boʻsh darvozaga toʻpni joylab qoʻydi.

Ushbu vaziyatdagi havo jangda “Real Madrid” himoyachisi Hyuysen raqib futbolchisi Kubarsining yuziga tirsagi bilan urib yubordi. Ammo bosh hakam bu holatni golni bekor qilish uchun yetarli deb topmadi va oʻyinni davom ettirdi.

Taymning soʻnggi daqiqasida “Real Madrid” yana bir xavfli hujum uyushtirdi. Hatto gol ham urdi, ammo soʻnggi lahzada gol muallifi Kilian Mbappe ofsaydda qolgani sababli natija bekor qilindi.

Birinchi taym 2:1 hisobi bilan yakunlandi. Boʻlim mezbonlarning toʻliq ustunligi ostida oʻtdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Statistika ham buni tasdiqladi: “madridliklar” birinchi boʻlimda jami 12 ta zarba yoʻllashga muvaffaq boʻldilar. Shu zarbalardan soʻng “Barselona” posboni 5-marta seyv amalga oshirdi.

“Barselona” esa dastlabki taymda 7 ta zarba yoʻlladi, ularning 4 tasi darvoza tomon aniq yoʻllandi.

xG koʻrsatkichi (gol urish ehtimoli) boʻyicha ham birinchi boʻlimda ustunlik “qirollik klubi” tomonida edi. “Real”ning dastlabki boʻlimdagi xG koʻrsatkichi 2,25 ni tashkil etdi, “Barselona”da esa bu raqam 0,6 boʻldi.

“Qaymoqranglilar” ikkinchi boʻlimni ham faol boshladi. 51-daqiqada Erik Garsiya himoyalanish chogʻida ehtiyotsizlikka yoʻl qoʻydi. Natijada toʻp jarima maydonchasi ichida uning qoʻliga tegdi.

Bosh hakam VARni koʻrgandan soʻng, “Barselona” darvozasiga penalti belgiladi. 11 metrlik jarima zarbasini Kilian Mbappe amalga oshirdi. Ammo uning zarbasini Shchesni qaytarib, taymdagi dastlabki qahramonlikni namoyish etdi.

69-daqiqada “Barselona”ning ofsayd chizigʻi yana bir bor katta sahnaga chiqdi. Xabi Alonso jamoasi ajoyib kombinatsion hujum bilan hisobni 3:1 koʻrinishiga keltirgandek boʻldi. Ammo Valverde Brahimga uzatma amalga oshirgan paytda “Barsa” mudofaasi raqibni qopqonga tushirdi. Shu sababli gol inobatga olinmadi.

73-daqiqada Xabi Alonso Vinisius Juniorni Rodrigo bilan almashtirdi. Bu oʻzgarishdan Vinisiusning jahli chiqdi va zaxira oʻrindigʻida oʻtirishni xohlamay, toʻgʻri kiyim almashtirish xonasi tomon yoʻl oldi. Bu mojaro koʻrinishiga qaraganda ancha vaqt davom etadiganga oʻxshaydi...

Oʻyindagi soʻnggi voqea 99-daqiqada yuz berdi. Ochiq oyoq bilan toʻpga tashlangan Pedriga hakam qizil kartochka koʻrsatdi. Shundan soʻng ikki jamoa futbolchilari oʻrtasida kichik tortishuv yuzaga keldi.

Shu tariqa 3 ta gol ofsayd sababli inobatga olinmagan, Xabi Alonso va Vinisius Junior munosabatlari yana katta muhokamaga aylangan hamda “Barselona”ning “El-Klassiko”lardagi gʻalabali seriyasi yakunlangan oʻyin 2:1 hisobi bilan “Real Madrid”ning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер