Transferlari uchun 224 million yevro sarflagan “Arsenal” APL chempioni boʻla oladimi?

19:26 13 Avgust 2025 Sport
204 0

Yozgi transferlar oynasi yopilishiga 16 kun qoldi. Shu munosabati bilan Yevropa klublarining transferlar oynasidagi holatini tahlil qilishni boshlagan edik. Bugun “Arsenal” jamoasi haqida toʻxtalamiz:

Xoʻsh, kimlar jamoani tark etdi?

“Arsenal” bu yozgi oynada bir nechta asosiy futbolchilarini yoʻqotdi:

Jorjinyo – shartnoma muddati tugagach erkin agent sifatida Braziliyaning “Flamengo” jamoasiga oʻtdi;

Tomas Parti – erkin agent sifatida Ispaniyaning “Vilyarreal” jamoasiga yoʻl oldi;

Kiran Tirni – shartnomasi yakunlangach, “Seltik” klubiga qaytdi;

Takexiro Tomiyasu – erkin agent sifatida jamoani tark etdi;

Nunu Tavaresh – Italiyaning “Latsio” klubiga 5 million yevro evaziga transfer qilindi;

Markinyos – “Kruzeyro” klubiga 3 million yevro evaziga koʻchib oʻtdi;

Raxim Sterling – ijara muddati yakunlandi va oʻz jamoasi “Chelsi”ga qaytdi;

Shuningdek, akademiya va yoshlar jamoasidagi qator futbolchilarning baʼzilari ijara asosida, ayrimlari esa erkin agent sifatida klubni tark etdi. Biroq jamoaning asosiy yoʻqotishlari yuqorida keltirib oʻtilgan futbolchilardir.

Kimlar jamoaga qoʻshildi?

“Arsenal” yozgi transferlar oynasida tarkibini sezilarli darajada kuchaytirdi:

Kepa Arrisabalaga – “Chelsi” jamoasidan 5,8 million yevro evaziga xarid qilindi;

Martin Zubimendi – “Real Sosyedad” klubidan 70 million yevroga sotib olindi;

Kristian Nyorgaard – “Brentford”dan 11,6 million yevro va qoʻshimcha bonuslar evaziga xarid qilindi;

Noni Madueke – “Chelsi” jamoasidan 56 million yevro va qoʻshimcha bonuslar evaziga transfer qilindi;

Kristxian Moskuera – “Valensiya” klubidan 15 million yevro evaziga sotib olindi;

Viktor Gyokeres – “Sporting” jamoasidan 65,8 million yevro va 10 million bonus evaziga sotib olindi.

“Arsenal” yozgi transferlar oynasida umumiy transfer xarajatlari uchun 224,2 million yevro sarfladi va atigi 8 million yevro ishlab topdi.

Asosiy transferlar tahlili

Viktor Gyokeres (27 yoshda, Shvetsiya fuqarosi, markaziy hujumchi)

Bu futbolchi “Arsenal”ning afsonaviy hujumchilaridan biri Olivye Jiruni eslatadi. Futbol tilida aytganda “target men” hujumchilar sirasiga kiradi. Viktor yuqori pressingda raqib himoyachilarga juda yaxshi bosim oʻtkaza oladi. “Opta” tahliliy portali uning xG indikatorlarida yetakchi ekanini qayd etgan;

Martin Zubimendi (26 yoshda, Ispaniya fuqarosi, tayanch yarim himoyachi)

Martin oʻtgan yili foydali ish koeffitsiyenti boʻyicha La Ligadagi eng yaxshi natijaga ega yarim himoyachilardan biri boʻldi. U musobaqa davomida raqiblarning jami 116 ta hujumini buzishga erishdi. Zubimendi himoya paytida juda katta hududni qamrab ola bilishi bilan nom qozongan. Uning maydondagi yakka kurashlarda yutqazmaslik qobiliyati bu borada katta rol oʻynaydi. Shuningdek, Martin yuqori bosim ostida ham toʻpni yaxshi nazorat qila oladi. Ayni shu masalada oʻtgan yili “Arsenal” tayanch yarim himoyasida muammolar boʻlgandi;

Noni Madueke (23 yoshda, Angliya fuqarosi, oʻng qanot vingepi)

Noni yangi mavsum “Arsenal” hujumlariga yangicha dinamika olib kirishi kutilmoqda. Sababi unda Jeremi Doku singari toʻpni qanotdan markazga tezkorlik bilan olib kirish mahorati yaxshi shakllangan. Futbolchining asosiy ustunligi – tezligi boʻlib, odatda driblinglarining katta qismi samara beradi. U jarima maydoni ichida ham juda xavfli. Oʻtgan mavsum APL musobaqasida jarima maydoni ichida toʻp bilan harakatlanish boʻyicha Noni “Liverpul” futbolchisi Muhammad Salahdan keyin ikkinchi oʻrinda boʻldi;

Kristxian Moskuera (21 yoshda, Ispaniya fuqarosi, markaziy himoyachi)

Moskuera juda strategik himoyachi. Unda Van Daykda boʻlgani singari raqibning harakatlarini oldindan baholay olish qobiliyati yaxshi shakllangan. Uning kam fol qoʻllashi va xotirjamligi Rafael Varanni eslatadi. Mikel Arteta uni “aql-zakovatli, tezkor va koʻp pozitsiyada oʻynay olish imkoniyatiga ega” oʻyinchi deb baholadi. Shuningdek, u markaziy va ikki qanot himoyasida oʻynashga moslasha oladi.

“Total Football” tahliliga koʻra, u himoyaning eng quyi qismida stabil boʻlib oʻynaydi, tez qarorlar qabul qila oladi va katta bosim ostida ham bexato uzoq paslar amalga oshira olishi bilan ajralib turadi.

Xulosa oʻrnida

“Arsenal”ning yozgi transferlar oynasidagi xaridlari jamoani yaxshigina kuchaytira olishi kerak. Nom jihatdan olib qaraganda futbolchilar bunga qodir. Endi Arteta ularni oʻz oʻyin falsafasiga moslab olsa bas. Lekin yangi futbolchilar yosh emasligi va koʻproq individual jihatdan nom qozongani uchun bunga koʻp vaqt ketishi kutilmoqda.

Jamoa APL chempioni boʻla oladimi?

Tahliliy nashrlar va mutaxassislar APLning bu yilgi chempioni kim boʻlishi haqidagi savollarga koʻproq “Liverpul” deb javob berishmoqda; ikkinchi oʻrinda eng koʻp eslayotgan jamoa esa “Arsenal”.

Shundan kelib chiqqan holda jamoa “Liverpul” bilan birgalikda APL gʻolibligi uchun asosiy daʼvogarlar sifatida eʼtirof etilmoqda.

Mikel Arteta intervyularidan birida: “Bu yil 9 klub chempion boʻlishi mumkin, ammo bizda gʻalaba uchun kerakli tarkib bor”, deya fikr bildirdi. Bu gaplar qanchalik oʻzini oqlaydi? Bu haqida shu hafta boshlanadigan Premyer liga oʻyinlari soʻngida bilib olamiz.

Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер