Toshkentda nashriyot ishi va mualliflik huquqlariga bagʻishlangan xalqaro seminar boshlandi (+Fotoreportaj)

21:55 16 Iyun 2025 Jamiyat
358 0

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Toshkent shahrida “Noshirlik ishi va mualliflik huquqlarini boshqarishda zamonaviy tendensiyalar” mavzusida xalqaro seminar oʻz ishini boshladi. Mazkur seminar ilk bor Frankfurt xalqaro kitob yarmarkasi tashkilotchilari bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgani bilan alohida ahamiyatga ega. Tadbir ochilishida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari Gʻayrat Bozorov kirish soʻzi bilan qatnashdi. U dastlab seminar ishtirokchilari, mehmonlar va tashkilotchilarni agentlik jamoasi hamda agentlik direktori Asadjon Xodjayev nomidan tabrikladi.

Maʼruza davomida qayd etilishicha, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda barcha sohalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, noshirlik, matbaachilik va kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishida huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda. Soʻnggi besh yilda bu soha uchun 44 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi yangi qonun, Prezident qarorlari, Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari va 29 ta davlat standarti qabul qilingan. Nashriyot va matbaa uskunalari bojxona bojidan, foyda va QQSdan ozod qilingan. Bu imkoniyatlar soha taraqqiyotiga turtki boʻlmoqda.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilda Oʻzbekistonda 168 ta nashriyot faoliyat yuritgan boʻlsa, 2025-yil 1-iyunga kelib, ularning soni 601 taga yetgan. Yaʼni soha subyektlari soni 3,5 baravarga ortgan. Matbaa korxonalari soni esa 2020-yildagi 1 589 tadan 2025-yilga kelib 1 930 taga koʻpaygan. Bugungi kunda nashriyotlarning 90 foizi – yaʼni 542 tasi – xususiy subyektlardir. Bu esa sohadagi erkin raqobat va tadbirkorlik muhiti mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Nashriyotlar soʻnggi toʻrt yilda har yili oʻrtacha 11,6 ming nomdagi, jami 197,9 million nusxadagi adabiyotlarni chop etgan. Kitob mahsulotlarini aholiga yetkazish maqsadida butun respublika boʻylab 712 ta kitob doʻkoni faoliyat koʻrsatmoqda. Agentlik esa sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish, kadrlar malakasini oshirishga katta eʼtibor qaratmoqda.

Shu maqsadda Oʻzbekiston nashriyotlari Germaniya, Italiya, Turkiya, BAA, Xitoy, Rossiya, Eron va boshqa mamlakatlarda oʻtkazilgan 20 dan ortiq xalqaro kitob koʻrgazmalarida ishtirok etib, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. 2022-yilda Oʻzbekiston Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti boʻyicha IBBY xalqaro kengashiga aʼzo boʻlgan. Agentlikda uning milliy boʻlimi ham tashkil etilgan boʻlib, bu yoʻnalishda bolalar uchun yangi kontentlar yaratish va oʻzbek adiblarining asarlarini xorijda targʻib qilish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi.

Seminar davomida mualliflik huquqini himoya qilish, litsenziyalar bilan ishlash, sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlari, Frankfurt yarmarkasi dasturi, audiokitoblar bozori kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi. Shuningdek, litsenziya narxlarini belgilash, xalqaro kitob koʻrgazmalarida ishtirok etish tajribalari, sunʼiy intellektning kitob bozori uchun imkoniyat va muammolari yuzasidan yetakchi ekspertlarning maʼruzalari tinglanadi.

Tadbir yakunida Gʻayrat Bozorov Germaniyadan tashrif buyurgan mutaxassislarga, xususan Frankfurt xalqaro kitob yarmarkasi prezidenti va bosh direktori Yurgen Boss janoblariga, shuningdek, seminarning tashkil etilishida hamkorlik qilgan tashkilotlarga oʻz minnatdorligini bildirdi. U mazkur seminar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, sohada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim maydon boʻlishiga ishonch bildirdi.

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?