Toshkentda narkosavdogar va uning sherigi qoʻlga olindi

13:34 26 Yanvar 2026 Dunyo
228 0

Foto: DXX

Toshkent shahrida giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullangan 46 yoshli erkak va uning sherigi qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahrida yashovchi, 1980-yilda tugʻilgan shaxs (muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan) shartli xaridorga 200 g “gashish” moddasini 50 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, narkosavdogar ushbu pul mablagʻidan 6,9 mln soʻmini 1989-yilda tugʻilgan hamshahariga bergan vaqtida u ham ushlanib, uning yonidan 500 g “gashish” moddasi olingan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Bekobod tumani hududida “Cobalt” rusumli avtotransport vositasida yoʻlovchi sifatida ketayotgan Toshkent shahrida yashovchi, 1973-yilda tugʻilgan shaxsning yonidan 600 g “opiy” moddasi olingan.

U mazkur giyohvandlik vositasini Bekobod shahrida istiqomat qiluvchi, 1986-yilda tugʻilgan tanishidan 5 ming AQSH dollari hamda 5 mln soʻmga sotib olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirilgan.

Natijada bekobodlik narkosavdogarning yashash xonadonidan 1 kg 47 g “opiy” hamda uning 2 nafar jinoiy aloqalaridan esa 335 g “opiy” moddasi olindi. Tergov davomida ushbu giyohvandlik vositalari Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Qayd etilishicha, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?