Toshkentda “Ayol, biznes, innovatsiya” mavzusida respublika oʻquv seminari boshlandi

17:53 14 Avgust 2025 Jamiyat
215 0

Akram XAMRAQULOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, “Hamroh” kompaniyasi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida “Ayol, biznes, innovatsiya” mavzusida ikki kunlik respublika oʻquv seminari start oldi.

Tadbirda mamlakatning barcha hududlaridan 165 nafar yetakchi va istiqbolli tadbirkor ayollar ishtirok etmoqda. Ular biznesni rivojlantirish, ichki va tashqi bozorlarga chiqish, elektron tijorat, marketing va shaxsiy brend yaratish, ISO sertifikatlash jarayoni hamda imtiyozli moliyaviy imkoniyatlar boʻyicha amaliy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishmoqda.

Seminarning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayxo Mahkamova xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanini taʼkidladi.

— Joriy yilda 156 mingdan ortiq xotin-qizlar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Ularning daromadli mehnat bilan taʼminlanishi uchun 12,9 trln soʻm kredit mablagʻlari ajratildi. Shuning 1,4 trln soʻmi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida taqdim etildi. Har bir ayolning biznesdagi qadamlarini qoʻllab-quvvatlash — iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikning garovidir, — dedi Zulayxo Mahkamova.

“Hamroh” kompaniyasi bosh direktori Dilfuza Nurmatova esa kompaniyaning bepul oʻquv dasturlari, maslahat va mentorlik xizmatlari, shuningdek, imtiyozli kreditlar olishdagi koʻmak yoʻnalishlarini taqdim etdi.

Seminar doirasida yangi davlat dasturlari va moliyaviy resurslar haqida maʼlumotlar berildi, elektron savdo va marketpleyslarda ishlash boʻyicha treninglar oʻtkazildi. Eksport jarayoni, marketing strategiyalari, shaxsiy brend yaratish va xalqaro sertifikatlar olish masalalari empirik keyslar asosida tushuntirildi.

— Bu seminar men uchun yangi eshiklarni ochdi. Xususan, eksport jarayonlarini toʻliq anglash va onlayn savdo imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha aniq yoʻl-yoʻriq oldim. Ilgari biz mahsulotlarimizni asosan mahalliy bozorda sotar edik, lekin endilikda xalqaro marketpleyslarga chiqish rejalarini tuzayapmiz. Shu bilan birga, marketing strategiyasi va shaxsiy brendni rivojlantirish boʻyicha oʻrgangan bilimlarim menga yangi mijozlar topishda va bozorda oʻz oʻrnimizni mustahkamlashda katta yordam beradi, — deydi Toshkent shahridan ishtirok etgan tadbirkor Muhabbat Toshmuhammedova.

Seminarning ikkinchi kuni intensiv amaliy mashgʻulotlarga bagʻishlanadi. Unda ishtirokchilar mutaxassislar bilan yakkama-yakka ishlash imkoniyatiga ega boʻladi. Kun yakunida sertifikatlar topshirilib, yangi hamkorlik va biznes gʻoyalari muhokama qilinadi.

Tadbir xotin-qizlarning biznes salohiyatini oshirish, ularni raqamli iqtisodiyotga integratsiya qilish hamda ichki va tashqi bozorlarda faol ishtirokini taʼminlash yoʻlida muhim qadam sifatida baholanmoqda. Shu bilan birga, u mamlakatda xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashning uzoq muddatli dasturlaridan biri hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?