Toshkent viloyati hokimligi “Raqobat toʻgʻrisida“gi Qonun talablarini buzgan deb topildi

Joriy yil may oyida Toshkent viloyati Olmaliq shahrida oʻtkazilgan sayyor qabulda “Olmaliq Isuzu Trans” MCHJ tomonidan Toshkent viloyatida yoʻlovchi tashish yoʻnalishlari boʻyicha tender savdolarini tashkil etish komissiyasi tarkibida “Toshviltransterminal” uyushmasi vakili mavjudligi tender savdolarida raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganligini bildirilgan. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, Toshkent viloyati hokimining 2019-yil 22-apreldagi 317-sonli qaroriga asosan tarkibi jami 13 kishidan iborat boʻlgan “Shahar, shahar atrofi va shaharlararo (viloyat ichida) yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashishni tashkil etish viloyat komissiyasi” (keyingi oʻrinlarda – komissiya) tarkibi tasdiqlangan.
Aniqlanishicha, mazkur komissiya tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 29-iyuldagi “Shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yoʻlovchilar tashish avtomobil transportida ochiq tenderlar tashkil etish va oʻtkazish masalalari toʻgʻrisida”gi 368-sonli qarori bilan tasdiqlangan Shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashishni tashkil etish komissiyasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom talablariga rioya etilmagan holda shakllantirilgan.
Jumladan, Komissiya tarkibiga boshqa idoralar vakillari bilan bir qatorda viloyat Transport boshqarmasidan 4 nafar vakil va “Toshviltransterminal” uyushmasi raisi kiritilgan. Maʼlumot uchun, Toshkent viloyatida yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi 306 ta xoʻjalik yurituvchi subyektdan 59 tasi “Toshviltransterminal” uyushmasi aʼzosi hisoblanadi. Mazkur uyushma raisining komissiya tarkibiga kiritilishi oʻtkazilgan tender savdolarida uyushma aʼzolarining mazkur uyushmaga aʼzo boʻlmagan xoʻjalik subyektlariga nisbatan afzal holatga ega boʻlishi mumkinligiga olib keladi.
Masalan, 2018-yil davomida oʻtkazilgan Shahar atrofi va shaharlararo-viloyat ichki yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashish boʻyicha 4 ta tender savdolarida “Toshviltransterminal” uyushmasi aʼzosi boʻlgan 8 ta subyekt 15 ta lotda ishtirok etish uchun buyurtma bergan va barchasida gʻolib deb topilgan.
Bundan tashqari, komissiya aʼzoligiga transport tizimidan jami 5 kishi (komissiya tarkibida 38,4%) kiritilishi, oʻtkazilayotgan tanlovlarda ovoz berishda manfaatlar toʻqnashuviga (“konflikt interesov”) olib kelishi hamda raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli aniqlangan.
Mazkur holatlar Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Olmaliq Isuzu Trans” MCHJ va Toshkent viloyati hokimligi vakillari ishtirokida koʻrib chiqilib, uning natijasi boʻyicha Toshkent viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasi tegishli qismlari talablarini buzgan deb topilgan hamda mazkur qonun buzilish holatini bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatma berilgan.
Natijada Toshkent viloyati hokimining 2019-yil 22-apreldagi 317-sonli qarori bilan tasdiqlangan Shahar, shahar atrofi va shaharlararo (viloyat ichida) yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashishni tashkil etish viloyat komissiyasi tarkibiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilib (jumladan, “Toshviltransterminal” uyushmasi vakili komissiya tarkibidan chiqarildi), bu haqda Toshkent viloyat hokimligi 2019-yilning 1-avgust kuni rasmiy ravishda Qoʻmitaga maʼlum qilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring