Toshkent shahar hokimligi ijodkorlar uchun tanlov eʼlon qildi. Birinchi oʻringa 300 mln soʻm beriladi

17:21 03 Fevral 2021 Jamiyat
1814 0

Toshkent shahar hokimligi Mustaqilligimizning 30 yilligiga bagʻishlab barpo etiladigan “Istiqlol” majmuasi boʻyicha tanlov eʼlon qildi.

Tanlov ishtirokchilari oʻzbek davlatchiligining 3 000-yillik siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy, maʼnaviy tarixi hamda oʻtgan 30 yil, ayniqsa, Yangi Oʻzbekistonni qurish bosqichini oʻzida qamrab olgan jarayonlarni gavdalantiruvchi “Istiqlol majmuasi”ning konsepsiya loyihasini ishlab chiqishi lozim.

Majmuani barpo etish joyi sifatida Sharof Rashidov, Islom Karimov va Afrosiyob koʻchalari oraligʻida, Markaziy univermag (SUM) qarshisidagi  hudud tanlangan.

Tanlov shartlariga koʻra unda ishtirok etish istagini bildirgan yuridik va jismoniy shaxslar (ijodkorlar) tomonidan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻz takliflarini ishlab chiqishlari talab etiladi:

- majmuaning bosh gʻoyasi;

- majmuaning tuzilmasi – bosh rejasi (maydondagi koʻp yillik manzarali daraxtlarni saqlab qolish sharti bilan);

- majmuaning asosiy ramzi va timsollari;

- majmuada aks ettiriladigan tarixiy voqeliklar (oʻzbek davlatchiligining 3000-yillik tarixi, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy sohalardagi yutuqlarini inobatga olgan holda);

- tarixan mamlakatimiz rivoji va mustahkamlanishida oʻzining ulkan hissasini qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz, milliy qahramonlarimizni majmuada tasvirlab berish;

jumladan, moddiy madaniyat durdonalari, buyuk davlat

va harbiy arboblar, atoqli ayollar, ilm-fan va madaniyat arboblari, milliy ozodlik kurashi yetakchilari hamda olamshumul tarixiy voqealar toʻgʻrisida;

- majmuaning meʼmoriy yechimi - bezaklar, ramziy timsollari;

- dunyo davlatlarida bunyod etilgan mustaqillik yodgorliklaridan farq qilgan holda, majmuaning oʻziga xos xususiyatlari;

- majmuani bunyod etishda foydalanish taklif etiladigan qurilish materiallari (marmar, yogʻoch, tosh va boshqalar);

- majmuaning mazmunida tarixiy manbalar, xususan, ilm-fan, sanʼat, arxitektura yodgorliklaridan foydalanish;

- majmuaning maʼnaviy, maʼrifiy va tarbiyaviy ahamiyati.

Ishtirokchilar uchun talablar:

Ijodkorlar tomonidan ishlab chiqiladigan takliflar chuqur ilmiy asoslangan, keng mazmunga ega va puxta boʻlishi zarur.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildiruvchi ijodkorlar joriy yil 7-fevraliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix institutida elektron roʻyxatga olinadi.

Elektron roʻyxatga olish uchun ijodkorlardan quyidagi hujjatlarni Respublika ishchi komissiyasi (A.Ziyo)ga taqdim etish talab etiladi:

- tanlovda ishtirok etish uchun Respublika ishchi komissiyasi (A.Ziyo) nomiga ariza (imzolangan);

- ijodkor (lar) toʻgʻrisida maʼlumot (F.I.O., tugʻilgan yili, maʼlumoti, ish joyi, ijodkorlik faoliyati toʻgʻrisida,

bu kabi tanlovlarda ishtirok etganligi toʻgʻrisida, elektron pochta manzili, aloqa raqamlari).

Tanlov joriy yilning 7-mart kuni yakunlanadi.

Ijodkorlar tomonidan oʻz takliflarini yozma matnlar, chizmalar, videoroliklar, prezentatsiyalar yoki yasalgan konstruksiyalar koʻrinishlarida tayyorlashiga ruxsat etiladi.

Tanlov gʻolib (lar)ini aniqlash.

Tanlov gʻoliblari Hukumat tarkibida tashkil etilgan Respublika ishchi komissiyasi (A.Ziyo) tomonidan, unga yuklatilgan vazifalar doirasida, yuqorida sanab oʻtilgan eng maqbul takliflarni tanlab olish mezoni asosida joriy yil

10-martiga qadar aniqlanadi.

Tanlov gʻolib (lar)i joriy yil 15-mart kuni quyidagi tartibda taqdirlanadi:

I-oʻrin sohibiga biratoʻla toʻlab beriladigan 300 mln soʻm pul mukofoti va Hukumat nomidan rasmiy tabriknoma;

II-oʻrin sohibiga biratoʻla toʻlab beriladigan 200 mln soʻm pul mukofoti va Hukumat nomidan rasmiy tashakkurnoma;

III-oʻrin sohibiga biratoʻla toʻlab beriladigan 100 mln soʻm pul mukofoti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?