Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga kirishda huquqiy fanlardan test topshirish amaliyoti joriy etiladi

21:48 30 Oktyabr 2021 Jamiyat
3017 0

Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga kirishda abituriyentlar 2 ta boʻlimdan iborat 5 ta fan majmuasidan test sinovlari topshiradi. Bunda, 1-boʻlimda barcha yoʻnalishlar uchun majburiy 3 ta fan – Ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili), Matematika va Oʻzbekiston tarixi, 2-boʻlimda “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 2 ta fan – Tarix va Chet tili fanlari jamlangan.

Mazkur holat, yaʼni “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishiga mos fanlar boʻlimida nomutaxassislik (tarix) fanining belgilanishi umumiy oʻrta taʼlim va oliy yuridik taʼlim oʻrtasida uzviylikning taʼminlanmasligiga, maktabda huquqshunoslik faniga boʻlgan qiziqishnining pasayishga hamda oqibatda oliy taʼlimga kelgan talabada huquqiy fanlar boʻyicha zarur bilim shakllanmayotganligiga olib kelmoqda.

Bu borada, xorijiy universitetlari tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, tegishli yoʻnalishga oʻqishga kirishda sohaga oid dastlabki bilimlarni baholashga qaratilgan imtihonlar oʻtkaziladi. Masalan, Glazgo universiteti, Londondagi Kings kolledji, Nottingem va Oksford universitetlariga oʻqishga kirish uchun Huquqshunoslik uchun milliy kirish testi (National Admission Test for Law, LHAT) topshirish talab etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5987-son Farmonida ham bu borada tegishli vazifa belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga kirishda 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab, test sinovlarining 2-bloki, yaʼni “yurisprudensiya” bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos fanlar boʻyicha Tarix fani oʻrniga huquqiy fanlarni kiritish masalasi universitet Kengashida koʻrib chiqildi va maʼqullandi.

Maʼlumot uchun bugungi kunda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 4 yil davomida yuqori sinflarda Davlat va huquq asoslari hamda Konstitusiyaviy huquq asoslari fanlari oʻqitib kelinmoqda. Ushbu maktab darsliklari asosida test savollari tuziladi.

Taʼkidlash joiz, mazkur taklifning joriy etilishi bir qator ijobiy natijalarga xizmat qiladi, xususan:

maktab yoshidanoq bolalarni huquqiy fanlarni chuqur oʻzlashtirishga, Konstitusiya va qonunlarni puxta oʻrganishga;

umumiy oʻrta taʼlim maktablarida sifatli, xalqaro standartlarga mos yuridik darsliklarning yaratilishiga;

huquqshunoslik fanlaridan taʼlim beruvchi oʻqituvchilarga nisbatan qoʻyiladigan talablar oshishi natijasida ularning malakasini doimiy oshirib borishi uchun mustahkam zamin yaratiladi;

Toshkent davlat yuridik universitetiga dastlabki huquqiy bilimlarga ega yosh avlod vakillari kirib kelishiga erishiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер