Toshkent davlat agrar universitetida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi hamda “Aqlli Issiqxona” loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi

19:05 01 May 2025 Jamiyat
293 0

Bugungi kunda yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning bilim va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, sohaviy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda Toshkent davlat agrar universitetida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi hamda bir qator muhim tadbirlar boʻlib oʻtdi.

Tadbirni universitet rektori N. Oblomuradov ochib, universitetda amalga oshirilayotgan islohotlar, taʼlim va ilm-fanni integratsiyalash borasidagi saʼy-harakatlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Shundan soʻng, hokim Zoyir Mirzayev soʻzga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilgan eʼtibor, xususan qishloq xoʻjaligida raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boʻyicha belgilab berilgan vazifalar yuzasidan fikr bildirdi.

Ushbu uchrashuv samimiy muloqot va ochiq suhbat ruhida oʻtdi. Talaba-yoshlar oʻz fikr va takliflarini bildirib, dolzarb savollariga hokimdan bevosita javoblar oldilar. Yoshlar uchun bu muhim tajriba, yangi ilhom va ishonch manbai boʻldi.

Tadbir doirasida yana bir muhim voqelik – Toshkent davlat agrar universiteti hamda Janubiy Koreyaning Chungnam Milliy universiteti hamkorligida tashkil etilgan “Aqlli Issiqxona” xoʻjaligining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev, Chungnam Milliy universiteti prezidenti janob Kim Jeong Kyoum, universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar va OAV vakillari ishtirok etdilar.

“Aqlli Issiqxona” loyihasi innovatsion agrotexnologiyalarni joriy etish, resurs tejamkorlikni taʼminlash, taʼlim va ilmiy tadqiqotlarni amaliy ishlab chiqarishga bogʻlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-avgustdagi PQ-4421-son qaroriga asosan amalga oshirilmoqda.

Tadbirning bayramona qismida “Agrar yulduzlari” ansambli va Yulduz Janibekova ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Oʻzbekiston xalq artisti Zamira Suyunova tomonidan jonli ijroda kuylangan qoʻshiqlar mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida universitetda oʻtkazilgan “Hokim kubogi 2025” sport musobaqalarining gʻolib va sovrindorlari eʼlon qilindi. Musobaqa 10 ta sport turi boʻyicha 2 bosqichda tashkil etildi. 1-bosqichda 2000 nafarga yaqin talaba, 2-bosqichda esa 400 nafar talaba ishtirok etdi. Meva-sabzavotchilik va uzumchilik fakulteti 1-oʻrin, Huquq va turizm fakulteti 2-oʻrin, Oʻsimliklar himoyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik fakulteti 3-oʻrinni egalladi.

Ushbu tadbirlar Toshkent davlat agrar universitetida taʼlim, fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash, yoshlar salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish va ularni mamlakat taraqqiyotining faol ishtirokchisiga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер