Toyloqda Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi

20:58 15 Dekabr 2025 Jamiyat
281 0

Foto: Toyloq tumani hokimligi

Toyloq tumanida jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligi munosabati bilan qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.

Tadbirlar Behbudiy xotirasiga bagʻishlangan tantanali marosim bilan boshlandi. Unda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Farmon Toshev, Toyloq tumani hokimi Behzod Raxmatullayev hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Halim Saidov soʻzga chiqib, Behbudiyning milliy uygʻonish jarayonidagi oʻrni, uning maʼrifat, matbuot va teatr sohalaridagi ulkan xizmatlari haqida atroflicha fikr bildirdilar.

Tadbir doirasida “Mahmudxoʻja Behbudiy bogʻi”ning ochilishi ham boʻlib oʻtdi. Marosimda maʼrifatparvarning hayot yoʻli va xalq taraqqiyoti yoʻlidagi fidokorona faoliyati xotirlandi. Shuningdek, Behbudiyning chevarasi Shohruh Behbudiy soʻzga chiqib, ajdodlar qoldirgan maʼnaviy merosni asrab-avaylash va uni yosh avlodga yetkazish muhimligini taʼkidladi.

Ishtirokchilar bogʻ hududida tashkil etilgan Behbudiy nomidagi kutubxona, uy-muzey va oʻquv markazi faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, buyuk jadid xotirasiga bagʻishlab oʻrnatilgan byust ochilishida ishtirok etib, uning ruhiga ehtirom koʻrsatdilar.

Maʼnaviy tadbirlar doirasida Shopoʻlat mahallasidagi madaniyat markazida Mahmudxoʻja Behbudiy ijodiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya ham oʻtkazildi. Anjumanda olimlar, jurnalistlar va ziyolilar maʼrifatparvarning ilmiy-maʼrifiy merosi va jadidchilik harakatidagi faoliyati yuzasidan maʼruzalar bilan qatnashdilar. Xususan, Halim Saidov Behbudiyning hayot yoʻli va jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni haqida oʻz mulohazalarini bildirdi.

Tadbirlar Samarqand viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan, Farmon Toshev qalamiga mansub “Behbudiy” spektakli bilan yakunlandi. Asar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, jadid maʼrifatparvarning murakkab va ibratli hayotini badiiy ifodada namoyon etdi.

Ushbu tadbirlar Mahmudxoʻja Behbudiy merosini chuqur oʻrganish, uni yoshlar ongiga singdirish va milliy maʼnaviyatni yuksaltirish yoʻlidagi muhim tashabbus sifatida baholandi. Yakunda tadbirlarda faol ishtirok etgan va Behbudiy nomini abadiylashtirishga hissa qoʻshgan bir guruh olimlar hamda ijodkorlar Toyloq tumani hokimining tashakkurnomalari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, maʼrifatparvar jadid Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yil 19-yanvar kuni Samarqand viloyatiga qarashli Baxshitepa qishlogʻida tavallud topgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?