Toʻy: kimga – hasham, kimga – sitam?!

Arxiv surat
Mahmudxoʻja Behbudiy toʻylarga nisbatan shunday taʼrif bergandi: “Toʻy va taʼziyagʻa sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yoʻligʻa sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va oʻzimiz-da, dinimiz-da obroʻy va rivoj topar. Yoʻq, hozirgi holimizgʻa davom etsak, din va dunyogʻa zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz boʻlmaydur”. Maʼrifatparvar aytgan bu soʻzlar yuz yil oʻtib ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu dabdaba ortidagi madaniy, ijtimoiy hamda iqtisodiy muammolarni oldimizga yanayam keskinroq, yanayam ochiqroq va yanayam koʻndalang qoʻymoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan yaqinda imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish boʻyicha Oliy Majlis palatalarining qoʻshma qarori loyihasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgani ham bejiz emas.
Hozir shahar va qishloqlarimizda dabdabali toʻy qilganlarga razm solsangiz, oiladagi nosogʻlom muhitni, mardikorlikda yurganini koʻrasiz. Xalqimiz feʼl-atvoriga xos qusurlar, urf-odatlarimiz tarkibidagi bunday qoloqlikdan forigʻ boʻlishi uchun mahalla instituti oyoqqa turgan. Ortiqcha dabdabayu asʼasadan voz kechib, jamiyat, umuman, kundalik turmush tarzimizni yangi oʻzanga solish uchun qanchadan-qancha hukumat qarorlari, farmonlari eʼlon qilinmoqda. Baribir umr boʻyi yiqqanini bir kunlik toʻyga sochib, oʻzgalarning hurmatini qozonish kamaymayapti.
Oʻsha dabdaba, oʻsha asʼasa
Jamoatchilik fikrini pisand qilmasdan nainki oʻzi, quda-andasi yoki yosh kelin-kuyov, balki butun jamiyatga muammo tugʻdirayotgan dabdabaga oʻch toʻychivonlarning nahotki tafakkurini oʻzgartirish shu qadar mushkul boʻlsa? Bu illatning tub zamiri, mohiyati, oʻqildizida nima bor? Yoki obroʻning birdan-bir manbai toʻymi? Obroʻni pul sochib topayotganlar odamlarning hurmatini emas, oʻrinli shubha va nafratini qoʻzgʻatadi, xolos.
Oʻtgan yilning oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda 1 million dollarlik toʻy” nomi ostida videolavhalar tarqaldi. Toʻyda oʻzini koʻz-koʻz qilish uchun pachkalab pul sochayotgan “boyvachcha”larni koʻrib, hamma qoyil qoldi. Toʻyga ruh berish, uni qizitish uchun otilgan pirotexnika vositalari mehmonlarning hayotini xavf ostiga qoʻydi. Toʻy dasturxoniga dunyoning turli davlatlaridan keltirilgan noyob matohlar, meva-chevalardan tashqari akvariumda tirik baliq qoʻyildi.
Bunisi hali holva. Samarqanddagi turizm markazida boʻlib oʻtgan yana bir hashamatli toʻyda kelin-kuyov mehmonlar qarshisiga kemada suzib keldi. Sahna uchun eng qimmat dekoratsiyalar qilindi. Sanʼatkorlar xorijdan chaqirtirilib, toʻy egasi shular poyiga bor-yoʻgʻini toʻkdi. Kimdir shuncha imkoniyati, mablagʻi bor ekan, qandini ursin, deyishi mumkindir, ammo dabdabali toʻy qilaman deb toʻychining boshi butun umr qarzdan chiqmasa, qarzdorlik uning boshini xam qilib qoʻysa, bundan kimga naf?
– Bugun har kim istagandek toʻy qilishi mumkin. Lekin hamisha bunday isrof va shoʻxlik bor joyda imon, insof yoʻqoladi, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Dilshod Ismoilov. – Toʻylarni ixcham va mazmunli oʻtkazish uchun qator targʻibot ishlarini olib boryapmiz. Hatto mahalladagi kayvonilarga ham tushuntirdik. Afsuski, bu boradagi illatlar kamayish oʻrniga koʻpaymoqda. Toʻylarni dabdaba va isrofgarchilik bilan oʻtkazish nomaqbul ish. Alloh bergan neʼmatlarning uvolidan qoʻrqish kerak.
Illat, dard, balo!
Faqat Samarqandda emas, balki boshqa joylarda ham shunday dabdaba, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilmoqda. Fargʻona vodiysida toʻydan soʻng qiz uzatgan xonadon kuyov tomonga 40 kun sara va tansiq taomlar yuboradi. Buni Andijonda “mazar” deyishadi. Xorazmda “qiz yigʻin”, “xina yoqar” marosimlariga ham millionlab mablagʻlar sarflanadi. Qashqadaryoda ham sovchilikdan tortib, to toʻy-hashamgacha va undan keyingi jarayonlarning deyarli har bir nuqtasida shunday yoqimsiz manzaralarga duch kelinayotgani hech kimga sir emas. Shahrisabz markazidagi Oqdaryo, Yangiqishloq, Ravot va Abziyat mahallalarida kelin tomondan uyni toʻldirish, kuyovga beriladigan sarpo va mebel uchun oʻrta hisobda 25 – 30 million soʻm sarflanadi. Chiroqchi markazidagi Choshtepa, Yangiobod, Kishmishtepa, Oʻzbekiston, Bogʻishamol kabi mahallalarda sarpo va mebel uchun 20 – 30 million soʻm pul ketadi. Kosondagi Paxtazor, Shirinobod, Doʻstlik va Mesit mahallalarida ayni shu maqsadda 30 – 40 million soʻm sarf boʻlayotgani muammo koʻlami qay darajadaligini koʻrsatadi.
Endi oʻzingiz bir chamalab koʻring, Koʻkdalada kelin uchun bir necha soatga olinadigan toʻy libosi 1 milliondan 8 million soʻmgacha, Dehqonobodda taxminan 2,5 million, boshqa tumandan keltirilsa 4 million soʻmgacha... Kitobda nikoh toʻyida birgina sarpo uchun 8 – 10 million, fotiha toʻyida ham shuncha mablagʻ sarflanmoqda. Haliyam toʻyxonadagi sahna bezagi, dasturxonga gul buyurtma berish, kelin-kuyov kirib kelishidagi har xil marosimlardagi ortiqcha xarajatlarni hisobga olmadik. Buning ustiga keyingi paytlarda kelin-kuyovning sevgi tarixi (“Love story”) marosimiga Kosonda oʻrtacha 7 – 10 million soʻm pul xarjlanmoqda. Kasbida ayni shu marosim uchun kamida 5 million soʻm havoga sovurilmoqda. Axir buncha pul sarflanayotgan joylarda taʼlim, tibbiyot, yoʻl infratuzilmasi, hududlar obodligi kabi masalalarda muammolar yoʻqmi? Ehtiyojmand, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar-chi? Qishloqlarda oddiyroq toʻyga sarf boʻladigan pulga bemalol biror biznes boshlash mumkin.
Behuda sovurilgan millionlar
2019-yil 14-sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining va Oliy Majlis Senati Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori imzolangandi. Shunga qaramasdan dabdababozlikka boʻlgan intilish kamaymayapti. “Xalq soʻzi” gazetasining joriy yil 8-fevral sonida Oliy Majlis Senati qoʻmitasi raisi Bahrom Abdullayev “Toʻylarimiz maʼnaviyat, mehr-oqibat tantanasiga aylansin” maqolasida ham toʻy egalari daromadlariga yarasha emas, balki qarz olib boʻlsa-da, katta sarf-xarajat qilayotgani, bu toʻydan keyin baʼzi kelishmovchiliklarga, oilada yetishmovchiliklarga sabab boʻlayotgani, oqibatda yoshlarning ajrashib ketishlariga ham olib kelayotganini kuyunchaklik bilan tilga oladi. Farzandlarning kamoli, yoshlarning baxtini oʻtkinchi moddiyatga bogʻlab, orttirayotganimiz nima? Faqat qaygʻu, alam, gʻurbat... Hashamatlarga haddan ziyod berilib, borgan joyimiz sud idorasi boʻlmayaptimi?
Yurtimizda bir yilda oʻrtacha 300 ming atrofida toʻy marosimlari oʻtkazilar ekan. Ularning umumiy sarf-xarajati qariyb 3 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda. Bu qaysidir hududning byudjeti, deganidir. Agar oddiy proporsiya bilan ajrimlar soni koʻrib chiqilsa, toʻy xarajatlarining juda katta foizi havoga uchayotganiga guvoh boʻlish mumkin.
– Samarqand shahridagi Bekho mahallasiga rais etib saylanganimga uch yil boʻlyapti, – deydi Abduvoiz Doʻstov. – Endi ish boshlaganimda fuqarolardan biri oʻgʻlini uylantirmoqchi ekanini, ammo qoʻli kaltalik qilayotganini aytib maslahat soʻradi. Odatda toʻylarni qisqartirish haqida koʻp gapiramizu lekin buni qanday amalga oshirish haqida jiddiy oʻylab koʻrmaymiz. Kimdir kamroq mehmon chaqirishni maslahat beradi, boshqasi shahardan tashqaridagi arzonroq toʻyxonani tavsiya etadi. Oʻzim shahardagi bir nechta bazmgohlarga borib, ulardagi narx-navo, xizmat koʻrsatish tartibini oʻrgandim. Keyin faollar bilan kengashib, uyda oʻtkaziladigan toʻyga ketadigan xarajatlarni hisoblab chiqdim – uch baravar arzon tusharkan! Buni toʻy boshlamoqchi boʻlgan fuqaroga tushuntirdik. U boshida qarindosh-urugʻi, qoʻshnilar norozi boʻlishidan, ovoragarchilik koʻpayishidan xavotirga tushdi. Toʻyning boshida oʻzim turishimni aytib koʻndirdim. Toʻy ixcham va milliy qadriyatlarimizga mos tarzda chiroyli oʻtdi. Boshqalar ham bundan ibrat olmoqda.
Karantin davridagi toʻylarni bir eslang. 30 kishilik toʻy shu darajada yaxshi oʻtdiki, bor-yoʻgʻi 2 million soʻm sarflab elga dasturxon yozganlar boʻldi. Bundan na birov xafa boʻldi, na birov “toʻyim oddiy oʻtdi” deb nolidi. Qani endi, oʻsha tartibda davom etganimizda, hashamdor toʻylar soni ancha qisqargan boʻlardi...
Toʻy – milliy urf-odatimiz. Uni qanday oʻtkazish borasida yagona, qatʼiy normalar belgilanishi maqsadga muvofiq emas, albatta. Ammo toʻylarni milliy qadriyatlar asosida, kamxarj, dabdabalardan xoli oʻtkazish oʻziga va oilasiga osoyishtalik olib kelishini har bir inson ongli ravishda tushunib yetmogʻi lozim.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring