Tilga eʼtibor – kelajakka eʼtibor
Alisher Navoiyning “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” degan hikmatida olam-olam maʼno bor. Har bir millatning birinchi ramzi uning tilidir. Til yashasa, millat ham barhayot boʻladi.
Yurtimizda oʻzbek tiliga boʻlgan eʼtibor keyingi yillarda yanada kuchaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Oʻzbek tili bayrami kuni keng nishonlanadigan boʻldi. Har bir tashkilot, korxona, idoralarda davlat tiliga masʼul boʻlgan xodimlar faoliyat olib borishi taʼminlandi. Xususan, kimyo sanoati vakillaridan biri boʻlmish – Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatida ham davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil may oyida korxonamizda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruv raislarining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari samaradorligini oshirish va davlat tili qonunlariga rioya etish masalalari boʻyicha maslahatchilari ishtirokida ikki kunlik sayyor seminar-trening tashkil etildi. Seminarda ishlab chiqilayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, buyruqlar va boshqa ichki hujjatlarni davlat tilida toʻgʻri tuzish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Soʻnggi uch yil davomida 200 nafarga yaqin ishchi-xodim Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Malaka oshirish markazi oʻqituvchilari koʻmagida davlat tilida ish yuritish boʻyicha malaka oshirish oʻquv kurslarida oʻz bilimlarini mustahkamladi. Barcha boʻlim va sexlarga 6 tomlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, “Oʻzbek tilining katta imlo lugʻati” va “Kimyo atamalarining izohli lugʻati” tarqatildi. Shuningdek, korxona “Jamoa shartnomasi” ham davlat tilida chop etildi.
Mashgʻulotlar yakunida kurs bitiruvchilariga sertifikatlar va “Davlat tilida ish yuritish” uslubiy-amaliy qoʻllanmasi tantanali ravishda topshirildi.
Atamalar ishchi guruhi tuzilib, jamiyatga tegishli hududda barcha tashqi yozuvlar, jumladan, peshlavhalar, eʼlonlar, reklama va koʻrgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq boʻlishi taʼminlandi.
Korxona kirib-chiqish va markaziy maydonida mumtoz kuy-qoʻshiq va maqomlar eshittirilishi tashkillashtirilgan. Shuningdek, korxonaga kirish qismida 3x7 metr oʻlchamda elektron monitor oʻrnatilgan boʻlib, yurtimizda yuz berayotgan yangiliklar, korxona hayoti aks etgan yangiliklar lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yoritib borilmoqda.
Korxona sex va boʻlimlaridagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” xonalarini talab darajasida boyitish va bezatish ishlari davom etmoqda. Shu yil davomida 16 ta sexlarning “Maʼnaviyat va maʼrifat” xonalari lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek tilidagi gʻoyaviy-mafkuraviy, maʼnaviy-maʼrifiy mavzulardagi koʻrgazmali jihozlar bilan toʻldirildi. Xonalardagi mavjud yozuvlar lotin alifbosiga oʻzgartirildi, badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. Bir qator sexlar maʼrifat xonalari, ishlab chiqarish binolari, jamoat joylari Taraqqiyot strategiyasiga oid koʻrgazmali qurollar, shiorlar, banner-plakatlar bilan jihozlandi. Joriy yil iyul oyida “Kimyogarlar bogʻi” hududida “Maʼnaviyat xiyoboni” tashkil etildi va undagi barcha koʻrgazmalar davlat tilida aks ettirildi.
Barcha sex va boʻlimlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va eʼlon qilish amaliyoti toʻliq joriy qilindi.
Ishga yangi qabul qilinayotgan nomzodlar bilan davlat tilini bilish yuzasidan suhbatlar oʻtkazib kelinmoqda.
“Til bor – millat bor” shiori ostida “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”dan har bir soʻz maʼnosining sharhi korxonaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida berib borilmoqda.
Korxona “Biznes-reja”siga alohida band sifatida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davlat tilini tatbiq etish jarayonlarini moliyalashtirishni nazarda tutgan manzilli pul mablagʻlarini ajratish kiritildi. Buyam boʻlsa, tilimizga har tomonlama eʼtibor berilayotganidan dalolatdir.
Inomjon Kurbanaliyev,
“Maxam-Chirchiq” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring