Til bilganga imkoniyatlar beqiyos
Foto: Akmal Muhammadov
Poytaxtimizdagi 1-son Respublika Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi bazasida “Germaniya tibbiyot akademiyasi”ning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi va unda soʻzga chiqqan mutasaddilar davlatimiz rahbarining uzoqni koʻzlab olib borayotgan oqilona siyosati tufayli Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotganligi, yoshlarning oʻzlari tanlagan kasbni puxta egallagan holda nafaqat yurtimizda , balki chet ellarda ham bemalol ishlash olishlari uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilayotganini alohida taʼkidlashdi.
Mazkur loyiha Migratsiya agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Germaniyaning Axen universitet klinikasi hamda Shveysariyaning “Globogate Concept AG” kompaniyasi oʻrtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda. Maqsad yuqori malakali oʻrta tibbiyot mutaxassislarini Germaniya standartlari asosida tayyorlash, ularning kasbiy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash va mehnat migratsiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iboratdir. Aslida bu xayrli tashabbusga oʻtgan yil 16-sentyabrda Samarqandda, davlatimiz rahbari va sobiq Germaniya federal kansleri Olaf Shols oʻrtasida oʻtkazilgan tarixiy uchrashuvlar chogʻida kelishilgan, shundan soʻng tegishli vazirliklar va xorijiy hamkorlar oʻrtasida munosabatlar amaliy tus olgan edi.

—Oʻzbekistonlik oʻquvchilarning bilimga chanqoqligi, oʻzlari tanlagan kasbga mehrini koʻrib behad quvondim. Yoshlarning nemis tiliga qiziqishi, xushmuomilasi eʼtiborimni tortdi. Boʻlgʻusi xamshira shirinsoʻzli boʻlish — bu juda muhim. Aminmanki, loyihamiz kelgusida yuqori samara beradi, — deydi “Globogate Concept AG” kompaniyasi ijrochi direktori Sang Vu Pan janoblari.
Uch yillik kasbiy taʼlim va nemis tilini mukammal oʻrganishdan soʻng Germaniyaga yoʻl oladigan yoshlar mamlakatimizdagi 15 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarning har birida 50 nafardan tanlab olinadi. Ularga nafaqat Oʻzbekiston, balki Germaniya tibbiy taʼlim dasturlariga, nufuzli klinikalar talabiga koʻra saboq beriladi. Mazkur texnikum bitiruvchilari ikki davlat tomonidan tan olinadigan diplomga ega boʻlib, Germaniyada toʻliq tan olingan hamshira sifatida ish boshlashadi. Shuningdek yoshlar xorijda oʻz faoliyatini boshlagan chogʻidayoq oʻz oila aʼzolarini Germaniyaga olib ketishi mumkin. Eng muhimi barcha xarajatlar loyiha hisobidan, yoshlar faqat tinimsiz oʻqishi, bilimdon va xushmuomala boʻlishi lozim.

—Maktabda oʻqigan chogʻlarim nemis tili kursiga qatnaganman. Niyatim Germaniyada oʻqish edi. Buni qarangki, shu texnikumga oʻqishga kirgach, omadim yana keldi, tanlovdan oʻtdim. Ota-onam ozgina ikkilanishdiyu, ammo ularni ham koʻndirdim. Pulini davlat toʻlayapti, bizni Prezidentimizning oʻzlari qoʻllayaptilar dedim. Rostdan ham shunday-da, — deydi Sevinch Ramazonova. Uning dugonasi Dildoraxon ham hamshiralik ortidan xorijga chiqish imkoni tugʻilayotganidan xursand.
— Nasib etsa, boraman, ishlayman va yana institutda ham oʻqiyman. Dadamga eng zoʻr shifokor boʻlib Oʻzbekistonga qaytaman, deya vaʼda berdim,— deydi u.
Migratsiya agentligi masʼuli Gulruh Tulayevanigng taʼkidlashicha, bugungi kunga qadar “Globogate Concept AG” kompaniyasi bilan hamkorlikda 1 200 nafardan ortiq oʻzbekistonlik fuqarolar hamshiralik yoʻnalishida va nemis tili kurslarida tahsil olgan. Ularning 450 nafari Germaniyada ish faoliyatini boshladi, 160 nafari esa viza olish jarayonida. Yil yakuniga qadar esa yana 350 nafar hamshira Germaniyaning Axen va Asklepios klinikalariga yuboriladi.

Tadbir yakunida mehmonlar Yashnobod tumanidagi Migratsiya agentligining 320 oʻrinli oʻquv binosi va 350 oʻrinli yotoqxonaga ega boʻlgan yangi Xalqaro til va koʻnikmalar maktabidagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Noyabr oyidan boshlab mazkur maktabda Germaniyada ishlashga tayyorlanayotgan hamshiralar va Yaponiyani koʻzlayotgan yoshlar uchun maxsus tayyorlov kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Shu tariqa har yili 1,5 ming nafarga yaqin fuqaro xorijiy tillar va kasbiy koʻnikmalar boʻyicha xalqaro standartlar asosida tayyorgarlikdan oʻtadi.
Abdunabi Aliqulov,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring