The Times: Britaniya Isroilning Gʻazoni toʻliq okkupatsiya qilish rejalariga javoban sanksiyalar tayyorlamoqda

16:04 10 Avgust 2025 Dunyo
392 0

Foto: Melinda Nagy/Shutterstock/FOTODOM

The Sunday Timesʼning yozishicha, Britaniya hukumati Isroil Gʻazo sektorini toʻliq bosib olishga qaror qilgan taqdirda qoʻllaniladigan yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, bir qator vazirliklarga bunday holatda qoʻllanadigan jiddiy cheklov choralarini tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Xususan, Britaniya Mudofaa vazirligi Isroil harbiylariga mamlakat hududida oʻquv kurslarida ishtirok etishni taqiqlash imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.

Shu bilan birga, Britaniya tashqi ishlar vazirligi Binyamin Netanyaxu hukumatiga Gʻazoni okkupatsiya qilishning yoʻl qoʻyib boʻlmas ekanini koʻrsatadigan bir qator sanksiya variantlarini tahlil qilmoqda. Bosh vazir Kir Starmer devoni esa bu haqda izoh berishdan bosh tortgan.

Eslatib oʻtamiz, iyun oyida London Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga qarshi sanksiya joriy etgan hamda Isroil bilan erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralarni toʻxtatgan edi.

Avvalroq Isroilning harbiy-siyosiy kabineti Binyamin Netanyaxu taklif qilgan Gʻazo shahri hududini toʻliq nazoratga olish va operatsiyani kengaytirish rejasini maʼqullagan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?