Tejamkorlik va shaffoflik yoʻlida

Suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanish, ularni adolatli taqsimlash hamda hisob-kitob tizimini shaffof yoʻlga qoʻyish masalasi davlat siyosati darajasida ustuvor vazifa hisoblanadi. Amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi kunda suv hisoblagich nafaqat resurslarni tejash, balki toʻlov intizomini yaxshilash, adolat mezonini taʼminlash hamda aholida masʼuliyat hissini kuchaytirishda samarali vositaga aylanmoqda.
—Andijon viloyatida oʻtkazilgan tajribalar shuni tasdiqlaydiki, suv hisoblagich xonadon iqtisodiyoti uchun katta foyda keltiradi, —deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ boʻlim boshligʻi Xushnudbek Ahmadaliyev. —Masalan, oʻrtacha besh kishi istiqomat qiladigan xonadon anʼanaviy usulda, yaʼni normativ asosida hisob-kitob qilinganda bir yil mobaynida 1 million 770 ming 600 soʻm miqdorida mablagʻ sarflaydi. Ammo xuddi shu xonadonga suv hisoblagich oʻrnatilgandan soʻng toʻlovlarda aniqlik taʼminlandi va ularning yillik xarajati 731 ming 808 soʻmni tashkil etdi. Bundan koʻrinadiki, zamonaviy uskuna tufayli oila 1 million 38 ming 792 soʻm mablagʻini tejash imkoniga ega boʻldi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, suv hisoblagich oʻrnatilgan xonadonlarda suv sarfi oʻrtacha 30–40 foizga qisqarmoqda. Bu esa nafaqat moddiy jihatdan, balki tabiiy resurslarni asrash nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi. Yaʼni, har bir isteʼmolchi suvdan foydalanishda oʻz sarfini nazorat qiladi, har bir tomchining qiymatini his etadi. Natijada, suv tejaladi, toʻlov adolatli amalga oshadi va har kim oʻzining haqiqiy sarfi uchungina javobgar boʻladi.
—Hozirgi vaqtda respublikamizda suv hisoblagichlarni joriy etish izchil davom etmoqda, — deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ xodimi Abduvohid Xotamov. —Xususan, Andijon viloyatida bu yoʻnalishda qator ishlar amalga oshirildi. Har bir tuman va shaharda aholi xonadonlariga bosqichma-bosqich hisoblagichlar oʻrnatilmoqda. Bugunga qadar 319 ming 58 ta aholi xonadonlari va 5 ming 705 ta yuridik maqomdagi isteʼmolchilar obyektlarida suv hisoblagichlardan keng foydalanilmoqda. Yil yakuniga qadar esa viloyatda suv hisoblagichlar bilan taʼminlanganlik darajasini 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa yil davomida yuz minglab kubometr ichimlik suvini tejash imkonini beradi.
Demak, suv hisoblagich bu oddiy texnik qurilma emas, balki zamonaviy boshqaruvning muhim vositasi, tejamkorlik va samaradorlikni taʼminlovchi amaliyotdir. U nafaqat iqtisodiy barqarorlikka, balki kelajak avlodlar uchun suv resurslarini asrab qolishga xizmat qiladi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring