Termizda jamoat transportida toʻlov tizimi toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi
2026-yilning 1-yanvaridan boshlab Termiz shahridagi barcha avtobus yoʻnalishlarida naqd pulda toʻlov qabul qilish bekor qilindi. Endi yoʻlovchilar yoʻl haqini faqat bank kartalari yoki elektron toʻlov chiptalari orqali amalga oshirishlari mumkin.
Mazkur yangilik jamoat transportida toʻlov jarayonlarini shaffoflashtirish, inson omilini kamaytirish hamda yoʻlovchilar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida joriy etildi. Qayd etilishicha, toʻlovni istalgan turdagi bank kartalari orqali amalga oshirish imkoni mavjud.
Shuningdek, shahar hududida oʻrnatilgan infokiosklar orqali bir martalik elektron chipta xarid qilish imkoniyati ham yaratilgan. Buning uchun infokiosk qidiruv boʻlimiga “avtobus” soʻzini kiritib, “Avtobus QR chipta” boʻlimi tanlanadi. Telefon raqami va toʻlov summasi kiritilgandan soʻng elektron chipta shakllantiriladi.
Olingan chipta avtobus old qismida joylashgan validator orqali skaner qilinib, toʻlov amalga oshiriladi. Agar infokioskdan qogʻoz chipta chiqmay qolsa, uning elektron tasvirini validatorga skaner qilish orqali ham toʻlovni amalga oshirish mumkin.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, infokiosklar qaytim pul bermaydi. Ortiqcha kiritilgan mablagʻlar avtomatik tarzda yoʻlovchining koʻrsatilgan telefon raqamiga oʻtkazib beriladi. Ayni paytda Termiz shahrida avtobusda bir martalik yoʻl haqi 3 ming soʻmni tashkil etadi.
— Bunday tartib yoʻlovchilar uchun juda qulay, — deydi Ulugʻbek Husanov. — Endi mayda pul izlab yurishga hojat yoʻq, konduktor bilan bahs ham boʻlmaydi. Telefon yoki karta boʻlsa, kifoya. Albatta, ayrim katta yoshli yoʻlovchilarga yangi tizimga moslashish uchun biroz vaqt kerak boʻladi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etilishicha, yaqinda Surxondaryo viloyatiga Xitoyning Zhongtong Bus kompaniyasida ishlab chiqarilgan 35 ta zamonaviy avtobus yetkazib berilgan. Ushbu avtobuslar toʻliq brutto-shartnoma asosida shahar ichki yoʻnalishlarida qatnovni boshlagan.
Joriy etilgan elektron toʻlov tizimi Termiz shahrida jamoat transporti xizmatlari sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring