Termizda “yashil iqtisodiyot” boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazildi

11:31 26 Noyabr 2025 Jamiyat
183 0

Termiz davlat universitetida “Yashil iqtisodiyot: xalqaro tajribalar, muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjumanda Oʻzbekiston va xorijlik olimlar tabiat resurslarini tejash, ekologik xavfsiz iqtisodiy model yaratish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha qator qonunlar, strategiya va dasturlar qabul qilindi. Ushbu yoʻnalishda taʼlim, sanoat va energetika sohalarida amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi. Konferensiya ishtirokchilari Surxondaryo viloyatidagi iqlim sharoiti va mavjud imkoniyatlar yaqin yillarda muqobil energiya turlarini keng joriy etish uchun katta salohiyat yaratishini qayd etdilar.

Anjumanda Turkiya, Fransiya, Nigeriya va Oʻzbekiston olimlari ekotexnologiyalar, innovatsion yondashuvlar va barqaror rivojlanishga doir ilmiy takliflarini taqdim etdilar. Shu bilan birga, parallel ravishda oʻtgan “Oʻzbekistonning janubiy hududlarida muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanishning ustuvor masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani mahalliy ehtiyoj va amaliyotga oid yechimlar bilan muhokamalarni yanada boyitdi.

— Yashil iqtisodiyotga oʻtish faqat ekologik xavfsizlikni taʼminlash bilan cheklanmaydi, — deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Nosir Mahmudov. — U iqtisodiy oʻsishning yangi drayverini yaratadi. Bunday konferensiyalar ilmiy bilim va amaliy tajribani birlashtirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, tabiiy salohiyati yuqori boʻlgan Surxondaryoda qayta tiklanuvchi energiyani keng joriy etish samaradorligi yanada oshadi.

Termizda oʻtkazilgan mazkur uchrashuv “yashil iqtisodiyot” borasida milliy siyosat va xalqaro tajribalarni uygʻunlashtirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер