Tadqiqot: “Omikron” bemor tanasida 10 kungacha saqlanishi mumkin

18:09 18 Fevral 2022 Jamiyat
829 0

“Omikron” — koronavirusning avvalgi shtammlariga qaraganda eng yuqumlisi. Bu borada olimlar ham, mutaxassislar ham yakdil xulosada. Ammo u inson tanasida qancha vaqt saqlanadi? Bemor virusni boshqalarga necha kun davomida yuqtirishi mumkin?

Yaqinda AQSHlik olimlar oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, eng xavfli muddat — kasallikning dastlabki uch kuni. Chunki ayni shu davrda tanadagi virus yuki eng yuqori darajasi boʻladi.

“Virus — tirik modda emas, balki genetik kod, — deydi olimlar. — U tashqi muhitda himoya qobigʻida saqlanadi. Sogʻlom hujayralar ichida esa u ildiz otadi va tanamizdagi oqsillar, ferment tizimlari yordamida u koʻpayadi".

Maʼlum boʻlishicha, “omikron” inson organizmiga kirganida, hali tanada unga qarshi yetarlicha himoya boʻlmaydi. Oqibatda virus shu davrda faol koʻpayadi. Faqat uch kun oʻtib, immunitet tizimi oʻziga xos himoya funksiyalarini ishga tushiradi hamda antitanachalar hosil qila boshlaydi. Bu esa infeksiyalarni asta-sekin oʻldiradi.

Tahlillarga koʻra, koronavirusning “delta” shtammi bir hafta ichida organizmda koʻpaygan. “Omikron” uchun esa dastlabki uch kun kifoya.

Tadqiqot uchun yangi variantni yuqtirgan 37 nafar bemor tanlab olindi. Ularda virus yuki kasallikning dastlabki uch kunida yuqori boʻlishi aniqlandi. Toʻrtinchi kundan boshlab esa koʻrsatkichlar pasayib, oʻrtacha 7-9 kun ichida infeksiya tanadan butunlay gʻoyib boʻldi.

“Aslida bu holat har bir bemor uchun individual xarakterga ega, — deydi ekspetrlar. — Masalan, immuniteti zaif, ortiqcha vaznga ega va yondosh kasalliklari bor kishilarda uch kundan keyin virus kamaya boshlashiga kafolat yoʻq. Aksincha, bunday odamlarning salomatligi kundan kunga yomonlashishi ham mumkin”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?