Surxondaryoda “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla”lar barpo etilmoqda

12:14 24 Oktyabr 2025 Jamiyat
131 0

Yurtimizda mahallalarni obod qilishga qaratilgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi doirasida Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlaridan 30 ta mahalla “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi hudud” sifatida tanlab olindi.

Oʻtgan hafta viloyat hokimi ushbu mahallalarda dasturni joriy etish boʻyicha tayyorlangan taqdimotlar bilan tanishib, masʼullar oldiga aniq vazifalarni belgilab bergan edi. Hozirgi kunda Qumqoʻrgʻon tumanidagi Yangiyer, Sherobod tumanidagi Dehqonariq va Termiz tumanidagi Qahramon mahallalarida amaliy ishlar jadal surʼatda boshlandi.

Xususan, Termiz tumanida “Yangi Oʻzbekiston qiyofasi” loyihasi doirasida 2 ta — Qoʻngʻirot va Qahramon mahallalari tanlab olingan. Qahramon mahallasida keng koʻlamli obodonlashtirish va infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Mahallani zamonaviy qiyofadagi hududga aylantirish maqsadida 5,4 kilometr yoʻl taʼmirlanadi, 1 kilometr ichimlik suvi quvuri yangilanadi, 2 ta zamonaviy transformator punkti oʻrnatiladi. Shuningdek, elektr taʼminotini yaxshilash uchun 50 ta yangi beton ustun oʻrnatish rejalashtirilgan.

Eng muhimi, loyiha doirasida 15 ta yangi tadbirkorlik tashabbuslari amalga oshirilib, 54 ta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan. Bu esa Qahramon mahallasida ishsizlikni keskin kamaytirish va aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.

— “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” gʻoyasi faqat yoʻl yoki infratuzilma yangilanishi bilan cheklanib qolmaydi, — deydi “Qahramon” MFY raisi Humoyiddin Halilov. — Ushbu dastur doirasida mahallamiz infratuzilmasini yaxshilash uchun 5 milliard soʻm mablagʻ ajratilmoqda. Endi hududimizda tadbirkorlik rivojlanadi, taʼlim va ijtimoiy soha faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratiladi, aholi uchun qulay muhit vujudga keladi. Bu, avvalo, odamlar ongidagi yangilanish, fuqarolarning oʻz mahallasi taqdiriga masʼuliyat bilan yondashish madaniyatini shakllantirishga ham qaratilgan dasturdir.

Surxondaryoda boshlangan bu saʼy-harakatlar “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasining amaldagi ifodasi boʻlib, har bir mahalla oʻzining salohiyati, tashabbuskorligi va birdamligi bilan taraqqiyot yoʻliga qadam qoʻymoqda.

Termiz, Sherobod, Qumqoʻrgʻon va boshqa tumanlarda bunday loyihalar aholining ishonchini oshirib, hayot sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Zero, obod mahalla — farovon hayot, farovon hayot esa — Yangi Oʻzbekistonning haqiqiy qiyofasi.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер