Surxondaryoda bahorgi koʻchat ekishda “dolzarb 10 kunlik” boshlandi

16:15 09 Fevral 2026 Jamiyat
201 0

Mamlakatimiz janubi — Surxon vohasida bahor faslining erta kirib kelishi koʻchat ekish ishlarini qisqa muddatda, samarali va puxta tashkil etishni taqozo etadi. Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, Surxondaryo viloyatida “dolzarb 10 kunlik” koʻchat ekish tadbirlariga rasman start berildi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov rahbarligida Termiz shahridagi “Guliston” mahallasida koʻchat ekish tadbiri oʻtkazildi. Unga tumanlar studiyalari ham onlayn tarzda ulanib, viloyat boʻylab jami 750 ming tup daraxt koʻchatini ekish ishlari bir vaqtning oʻzida boshlab yuborildi.

Tadbir davomida viloyat rahbari masʼullar bilan birgalikda koʻchat ekish ishlarida bevosita ishtirok etar ekan, bahorgi mavsumda barcha hududlarda ushbu jarayonlarni jadal va sifatli yakunlash maqsadida “dolzarb 10 kunlik” eʼlon qilinganini taʼkidladi. Shuningdek, har bir koʻchatning manzilli ekilishi, uning doimiy parvarishi uchun aniq masʼullarni belgilash, koʻchatlarni hisob uchun emas, balki barqaror va uzoq umrli daraxtga aylantirish ustuvor vazifa ekanini alohida qayd etdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Prezident topshiriqlari ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda “Yashil bogʻ” barpo etish ishlari izchil olib borilmoqda. Xususan, Angor tumanida M–39 xalqaro avtomobil yoʻli yoqasida 220 gektar maydonda 16 million tup koʻchatdan iborat “Yashil belbogʻ” tashkil etish loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?