Sulton Jaloliddin va Shayx Kubro jasorati — matonat va fidoyilik timsoli
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamkorligida “Oʻzbekiston nashriyoti” davlat muassasasi tomonidan 2025-yilda “Buyuklar bolaligi” ijtimoiy loyihasi asosida “Buyuklar hayoti — yoshlarga ibrat” shiori ostida 13 nomdagi kitob nashr etildi. Ular shonli tariximizni oʻzlarining ibratli hayoti bilan bezagan Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, Beruniy, Ibn Sino, Pahlavon Mahmud, Bibixonim, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Avloniy kabi allomalar haqida hikoya qiladi.
Shulardan biri – maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar uchun moʻljallab yozilgan “Sulton Jaloliddin va Shayx Kubro” tarixiy dostoni bolalar shoiri Nurulloh Oston (Nurulloh Ostonov) qalamiga mansub boʻlib, yengil oʻqilishi va bolalar tomonidan oson idrok qilinishi jihati bilan ahamiyatlidir. Shoir asarda murakkab soʻzlarni deyarli ishlatmaydi hamda oʻziga xos tashbehlar qoʻllash orqali murakkablikdan qochadi. Ravonlik va soddalik, xalq ogʻzaki ijodiga, soʻzlashuv tiliga yaqinligi asarning badiiyatini yanada oshirgan. Asar kompozitsiyasi yaxlitligi, undagi mavzularning tizimliligi, izchilligi hamda bir-biriga bogʻliqligi, uygʻunligi oʻquvchini zeriktirmaydi.
Muallif oʻsha davr tarixiy voqeligini chuqur oʻrgangani, buning uchun oʻsha davrda turli tarixchi va ijodkorlar tomonidan yozilgan manbalarga murojaat qilgani asardan koʻrinib turibdi.
Shu maʼnoda maktab yoshidagi bolalar uchun moʻljallab yozilgan “Sulton Jaloliddin va Shayx Kubro” tarixiy dostoni kompozitsiyasi yaxlitligi, undagi mavzularning tizimliligi, izchilligi hamda bir-biriga bogʻliqligi bilan ajralib turadi.
Dostonda XIII asr boshlarida Chingizxon boshliq moʻgʻil qoʻshinlarining Alouddin Muhammad Xorazmshoh hukmronlik qilayotgan saltanatga bostirib kirishi, Xorazmshohning farzandi, taxt vorisi sulton Jaloliddin Manguberdining dushmanga qarshi mardonavor va jasorat bilan kurash olib borgani, yov qoʻshinlari saltanat poytaxti boʻlgan Urganch shahriga bostirib kirganida valiylar valiysi, 76 yoshli shayx Najmiddin Kubroning 360 muridi bilan ularga qarshi qilich koʻtarib jang qilganlarini qalamga olingan.
Shuningdek, shayx Najmiddin Kubroning karomatlari va jangdagi jasoratlarini tasvirlagan Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa allomalarning asarlaridan iqtiboslar keltirilgan.
Shuni alohida qayd qilish kerakki, Chingizxon lashkarlari 1020-yilda xorazmiylar saltanatiga bostirib kirganidan keyin oʻtgan 11-yil ichida Jaloliddin oʻzining oz sonli qoʻshini bilan ularga qarshi 300 dan koʻp marta yuzma-yuz chiqib jang qiladi hamda aksariyat hollarda oʻziga xos jang uslubi bilan dushmanni yengishga muvaffaq boʻladi.
Lekin qoʻshin ichidagi parokandalik, lashkarboshilarning oʻzaro kelisholmasligi jang taqdirini hal qiladi. Sulton Jaloliddin yolgʻiz oʻzi dushman qurshovini yorib oʻtib, oti bilan Sind daryosiga tashlaydi. Narigi qirgʻoqqa oʻtib, Chingiz lashkari bilan jang qilish uchun qoʻshin toʻplaydi.
Doston poyonida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 29-avgustda Urganchda oʻrnatilgan Jaloliddin Manguberdi yodgorligi majmuasi ochilishi munosabati bilan yurt ozodligi uchun kurashgan buyuk sarkarda hamda Najmiddin Kubrodek alloma ajdodlarimiz ruhiga hurmat bajo keltirgani, millatimizning hech qachon oʻzgalarga qaram, qul boʻlmasligi uchun xalqimizni, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ularning jasoratidan ibrat olishga, Vatan mustaqilligini mustahkamlashga chorlovlari keltiriladi.
Ushbu doston Xorazm zaminidan yetishib chiqqan, oʻtgan yili xalqaro miqyosda nishonlangan sulton Jaloliddin Manguberdi tavalludining 825-yilligi, Oʻzbekiston mustaqilligining 34-yilligi hamda valitarosh shayx Najmiddin Kubro tavalludining 880-yilligiga bagʻishlanadi.
Nurulloh Oston koʻp yillardan buyon maktabgacha taʼlim va maktab yoshidagi oʻquvchilar uchun ijod qilib keladi. Koʻplab sheʼrlari oʻquv qoʻllanmalari va maktab darsliklari sahifalaridan oʻrin olgan.
Oʻtgan yillar mobaynida uning bolalar uchun “Yulduzlar chaqnagan tun”, “Yoʻldagi buloq”, “Yuragimning bezovta guli”, “Bahor raqsi”, “Qadim yoʻllarda”, “Osmon toʻla farishta”, “Fasli koʻklam”, “Tongga peshvoz chiqaylik”, “Qoʻrqmas uloqcha”, “Hurvatan”, “Chuchmomaga xat”, “Sogʻlom bolalar”, “Oy choʻmilar chaylada”, “Oʻjar qizcha – Upryamaya devochka” singari sheʼriy toʻplamlari chop etilgan

Maʼlumki, soʻnggi yillarda Respublikamizda bolalar adabiyotiga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Xususan, nashriyotlarda eng kichik yoshdan to balogʻat yoshidagi oʻsmirlar uchun moʻljallangan turli yoʻnalish va janrlardagi adabiy-badiiy, ilmiy-maʼrifiy, oʻquv-metodik hamda ensiklopedik kitoblar, lugʻatlar soni yildan-yilga boyib bormoqda.
Bundan oʻn yillar ilgari bolalar adabiyoti deyilganda faqat ertak va topishmoqlardan iborat takror va takror nashr etiladigan moʻjaz toʻplamlar tushunilgan boʻlsa, bugunga kelib yurtimiz kitob bozorida mutlaqo boshqacha holat kuzatilmoqda. Misol uchun, birgina “Oʻzbekiston nashriyoti”da har yili 150-200 nomdagi, jami 1 000 000 nusxadan ortiq turli yoʻnalishdagi kitoblar nashr etilmoqda.
2024-2025-yillar mobaynida mazkur ijodiy jamoada “Kitobxon bolalar” ruknida 70 dan ortiq, “Buyuklar bolaligi” ruknida esa 20 nomdagi yangi kitoblar nashrga tayyorlandi.
Ushbu loyiha kelgusi yillarda ham muntazam davom ettirib boriladi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring