Sudlar faoliyatini raqamlashtirish — davr talabi

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishdagi muhim shartlardan biridir.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud-huquq tizimini isloh qilish Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Oʻtgan qisqa davrda sudlarning haqiqiy mustaqilligini taʼminlash, sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
2017 — 2025-yillarda Oliy sud tomonidan 280 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, sud tizimiga oid 65 dan ziyod qonun, Farmon va qarorlar qabul qilindi. Ular asosida sud tizimi tubdan takomillashtirildi.
Bu hujjatlar bilan “Inson qadri uchun” Qoyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatining samarali himoyasiga yoʻnaltirish, adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishilmoqda.
Shu orqali xalqimiz, jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, sudlar faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, sud qarorlarining qatʼiy ijrosini taʼminlash, “Yangi Oʻzbekistonda — yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, sohaga ilgʻor xalqaro mezonlarni joriy etish choralari koʻrilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan sudlar faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron maʼlumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib qatnashish imkoniyatlarini kengaytirish vazifalari qoʻyilgan edi.
2023 — 2026-yillarda sud tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli Strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar dasturi bilan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar belgilandi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib, bugungi kunda sudlarni raqamlashtirish ishlari xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda. Sudlarda ishlarni koʻrib chiqishda adolatni, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash uchun “Elektron odil sudlov” tizimi joriy etildi.
Sudyalar oʻrtasida ishlarni inson omilisiz, avtomatik ravishda taqsimlash, sudlarga elektron murojaat va sud hujjatlarini taraflarga elektron shaklda yuborish, sud majlislarini audioyozuvda qayd etib borish, sud qarorlarini internet tarmogʻida eʼlon qilish, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish kabi zamonaviy yondashuvlar natijasida odil sudlov samaradorligiga erishilmoqda.
Hozirda sudlarning axborot tizimi bilan vazirlik va idoralarning axborot tizimlari oʻrtasida maʼlumotlarni elektron shaklda olish tartibi amaliyotga joriy etilib, ular bilan maʼlumotlar almashinuvi toʻliq yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali ishga tushirilib, u orqali fuqarolarga 49 turdagi interfaol xizmatlar koʻrsatilmoqda. Unda jismoniy va yuridik shaxslar uchun sudlarga elektron shaklda murojaat qilish, sud xarajatlarini elektron tarzda toʻlash, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari bilan tanishish, ishlar holatini onlayn kuzatib borish, sud chaqiruv qogʻozini elektron olish, sud majlisi jadvali bilan onlayn tanishib borish, dunyoning istalgan nuqtasidan turib sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etish kabi interfaol xizmatlar joriy qilindi.
Ayni paytda sudlar faoliyatiga fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish, sud hujjatlari loyihalarini avtomatik tayyorlash va sud amaliyotini tahlil qilish yoʻnalishida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha choralar koʻrilmoqda.
Insonparvarlik tamoyillari ustuvor
Sud ishlarini yuritishda yangi institutlar kiritilganligi sudlar uchun muhim islohotlar sifatida oʻrin oldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan inson huquqlarini sud orqali himoyalash tizimini yanada takomillashtirish, jinoyat ishi yurituvida insonparvarlik tamoyillari asosida “Xabeas korpus” institutini yanada keng tatbiq etish maqsadida 2025-yil 1-yanvardan tergov sudyalari instituti milliy amaliyotga joriy qilindi.
Tergov sudyasi institutining amaliyotga joriy etilishi tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga, sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga, jinoyat ishlarini koʻrishda odil sudlov sifatini yuksaltirishga zamin yaratmoqda.
Ayni paytda sud-tergov jarayonlarida jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda erkinliklarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda samarali himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha ham tegishli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, elektron (raqamli) dalil tushunchasini kiritish, elektron dalillarni aniqlash, toʻplash, taqdim qilish, tekshirish, baho berish, qayd etish, saqlash tartiblari hamda bu jarayon ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilashga oid masalalar nazarda tutilgan.
Davlat organlari qarorlari va ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini amalga oshirishni taʼminlash maʼmuriy sudlov faoliyatining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini fuqarolardan oldindan undirmasdan, ushbu bojni ishni koʻrib chiqish natijalariga koʻra aybdor tarafdan undirish tartibi belgilanib, davlat boji stavkasi BHMning 70 foizi miqdorida pasaytirildi. Bungacha davlat boji stavkasi BHMning 1 baravarida boʻlgan.
Amalga oshirilgan islohot tufayli aholining huquqlari va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishini taʼminlashga toʻsiq sifatida koʻrilgan davlat boji murojaat vaqtida toʻlanishi bekor qilindi.
Bu esa, oʻz navbatida, aholining odil sudlovdan foydalanish hamda davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilish imkoniyati kengayishiga zamin yaratdi.
Islohot natijasida 2025-yilning birinchi yarmida maʼmuriy sudlarga fuqarolar tomonidan berilgan 5 621 ta arizadan oldindan toʻlanishi lozim boʻlgan 1 mlrd. soʻm davlat boji undirilmagan holda, keyinchalik ish natijasi boʻyicha pasaytirilgan stavkada 694,6 mln. soʻm undirilgan.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish hamda maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida Maʼmuriy sud ish yurituvini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiyada ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Maʼmuriy sud ishlari yuritish toʻgʻrisidagi kodeks loyihasini ishlab chiqish, unda maʼmuriy sud ish yurituviga daʼvo institutini kiritib, daʼvo turlarini aniq belgilash, fuqarolar va tadbirkorlarning maʼmuriy hujjatga boʻlgan ishonchini himoya qilishda yetkazilgan zararni undirish tartibini belgilash, huquqi buzilgan fuqaro — arizachining xohishiga koʻra eksterritorial sudlovga tegishlilik mexanizmini joriy etish nazarda tutildi.
Bugungi kunda tuzilgan Idoralararo komissiya tomonidan kodeks loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Tadbirkorlar manfaatini qoʻllab-quvvatlashda izchil siyosat
Prezidentimizning shu yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan boʻlgan ochiq muloqotda “Endilikda tadbirkorlar iqtisodiy va maʼmuriy sudlarga eksterritorial tartibda murojaat qilishi mumkin boʻladi” degan soʻzlari tadbirkorlar manfaatini qoʻllab-quvvatlashda izchil siyosat olib borilayotganining isbotidir.
Islohotlar samarasi oʻlaroq, xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi, mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini toʻliq joriy etishga toʻsiq boʻluvchi tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilindi.
Xususan, yer uchastkalari boʻyicha huquqning vujudga kelishi uchun asos boʻlgan hujjatlarni, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning oʻzi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, shuningdek, prokuror protesti asosida bekor qilish yoʻli bilan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tugatish amaliyotiga chek qoʻyildi. Ushbu hujjatlar endilikda faqat sud tomonidan bekor etilishi yoki haqiqiy emas, deb topilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 21-avgust kuni imzolangan “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni sud-huquq islohotlarining izchil davomi sifatida sudlar uchun tarixiy hujjat boʻlib kirdi.
Mazkur Farmon “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida oʻtishi belgilangan Mustaqilligimizning 34-yilligi bayrami arafasida xalqimiz uchun, Vatanimiz istiqboli uchun inson huquqlarini roʻyobga chiqarish borasida tuhfa boʻldi.
Farmon bilan sud-huquq tizimining samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalar, xususan, sunʼiy intellekt va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kengroq joriy etish nazarda tutilgan.
Ushbu texnologiyalar byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish, ayniqsa, sunʼiy intellektga asoslangan “aqlli” texnotizimlar orqali arizalarni elektron tarzda qabul qilish, hujjatlarni avtomatlashtirilgan tarzda koʻrib chiqish va sud qarorlarining shaffofligi taʼminlanadi.
Sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini toʻliq elektron shaklga oʻtkazish, joriy yil yakuniga qadar tajriba tariqasida Toshkent shahrida barcha raqamli imkoniyatni oʻzida mujassam etgan zamonaviy sud zallari tashkil qilinadi. Tajriba natijalari asosida konsepsiya 2026-2027-yillarda bosqichma-bosqich respublikaning barcha sudlarida tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, fuqarolar va tadbirkorlarga qulayliklar yaratish hamda sud ishlarini koʻrishni soddalashtirish maqsadida murojaatlar sudga faqatgina elektron shaklda yuboriladi, bu bilan fuqarolar va tadbirkorlar sudga ariza yoki daʼvo arizasini qogʻoz shaklida sud devonxonasiga shaxsan borib topshirish tartiblariga barham beriladi.
Yana bir muhim qulaylik — ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga ataylab bormaydi va sud muhokamalarida masofadan turib qatnashadi, sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va toʻlanadi. Bu yangi tartib tizimda korrupsiya holatlarini keskin kamaytirishga yordam beradi.
Eng muhim yangilik, bu — taraflar sudga ariza berishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlarni shakllantirish yoʻllarini oʻrganib, sud ishi boshlanmasdan oldin uning taxminiy natijasini bilish imkoniyati yaratilmoqda.
Bundan tashqari, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi, sunʼiy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi. Sud hujjatlari loyihalari ham avtomatik shakllantiriladi.
Istiqboldagi rejalar ijrosi — muhim dastur
Farmon bilan sud sohasini raqamlashtirishning istiqboldagi rejalari belgilanib, 2025 — 2027-yillarga moʻljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlandi. Unga koʻra:
— 2025-yil 1-dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish;
— 2025-yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratish;
— 2026-yil 1-yanvardan boshlab “my.sud.uz” interfaol xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish moduli joriy etiladi, bunda sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud maʼlumotlarini avtomatik yetkazish;
— 2026-yil 1-martdan boshlab fuqarolik, maʼmuriy, iqtisodiy va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha dastlabki sud maʼlumotlarini fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish;
— 2026-yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interfaol xizmatni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi “Shaxsiy kabinet” platformasining foydalanuvchilar uchun sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan va yanada qulay boʻlgan yangi versiyasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Iqtisodiy sudlar tizimini optimallashtirish maqsadida, 2026-yil 1-yanvardan boshlab tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari tugatiladi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etiladi.
Shuningdek, sudlar tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun qoʻllanilgan jarimalarni onlayn kuzatish, ularning toʻlov muddatlari haqida ogohlantirish va toʻlovlarni elektron amalga oshirish imkonini beruvchi mobil dastur ishlab chiqiladi.
Sudda qatnashuvchi shaxslardan ortiqcha maʼlumotlar talab etilishiga chek qoʻyish maqsadida “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida mavjud maʼlumotlarni sudlarning axborot tizimlari bilan toʻliq integratsiya qilish choralari koʻriladi.
Farmonda sudlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shunga koʻra, 2025 — 2030-yillarda sud binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Yangi sud binolarini qurishda va mavjudlarini mukammal taʼmirlashda “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay hamda zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratish belgilandi.
Sudlar faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sudlar faoliyati haqida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning oʻrinbosarlari tomonidan brifinglar oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Qabul qilingan sud hujjati oʻqib eshittirilganidan soʻng uning mazmun-mohiyati sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilmoqda, sudlar chiqargan qarorlar Oliy sud veb-saytida muntazam ravishda yoritib borilmoqda.
Oliy sudda Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi (PR markaz) hamda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda matbuot xizmatlarining tashkil etilganligi aholi bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish va sud hokimiyatining ochiqligini oshirish yoʻlida koʻrilgan muhim chora boʻldi.
Sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikka oʻz vaqtida va obyektiv axborot berish jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi kengayishiga imkon yaratadi va oʻz navbatida, sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash hamda sudga nisbatan jamiyat ishonchini mustahkamlashning samarali vositasi hisoblanadi.
Sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro maydonda sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi boʻyicha xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning nufuzi oshishiga ham oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish hamda sud ishlarini koʻrishni soddalashtirish maqsadida, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, raqamlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, sudlarning moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash, shuningdek, “Raqamli sud” konsepsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish oldimizda turgan muhim vazifalardir.
Baxtiyor ISLOMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring