SSV: Bosh prokuratura tomonidan shifokorga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bekor qilindi

20:42 18 May 2020 Jamiyat
2850 0

Avval xabar qilganimizdek, mamlakatimizdagi axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida fuqaro X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilayotganligi toʻgʻrisida xabarlar tarqalgan edi. Unda samarqandlik tibbiyot xodimi tibbiy tekshiruvlardan oʻtmasdan 34 nafar kishiga koronavirus infeksiyasini yuqtirishga sababchi boʻlganligi aytilgandi.

Mazkur holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorni asossiz, deb hisoblab, vazir Alisher Shadmanov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuroriga shifokorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish masalasining koʻrib chiqilishini soʻrab murojaat yoʻllagan edi.

Bugun ushbu murojaat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan javob xati keldi. Unda qayd etilishicha, Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishi hujjatlarini oʻrganish jarayonida X.D.ga nisbatan toʻplangan hujjatlar boʻyicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, sinchkovlik bilan oʻtkazilmasdan, barcha holatlar toʻliq tekshirilmasdan, shoshma-shosharlik bilan barvaqt jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligini aniqlagan.

Shunga koʻra, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan X.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish haqidagi qaror Bosh prokuratura tomidan bekor qilingan.

Murojaat Bosh prokuratura tomonidan chuqur oʻrganilib, tezkorlik bilan ijobiy hal qilinganligi shifokorlarimizni quvontirishi, oʻz kasbiga nisbatan yana-da masʼuliyat bilan yondashib, faoliyat yuritishlariga zamin yaratishi shubhasiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Bosh prokuratura tomonidan bugungi sinovli kunlarda fidoyi tibbiyot xodimlarining qahramonlarcha faoliyatini qadrlab, adolatli qaror qabul qilganligini eʼtirof etib, adolat posbonlari boʻlmish, prokurorlarimizning haqiqatni qaror toptirish yoʻlidagi sharafli va mashaqqatli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер