Sohibqirondan meros Bogʻibaland anjirlari

13:01 12 Sentyabr 2024 Jamiyat
236 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahridagi Bogʻibaland Sohibqiron Amir Temur asos solgan va bugungacha saqlanib qolgan mashhur 12 bogʻdan biri. U eski Koʻhak, hozirgi Choʻponota tepaligining yon bagʻrida, shaharning shimoliy qismida, Zarafshon daryosining chap qirgʻogʻida joylashgan. “Boburnoma”da mazkur hududda Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Ogʻabegimga atab “Bogʻibaland” bogʻi barpo etilgani va unda toʻkin anjirzorlar borligi yozilgan. Hozir ham bogʻning saqlanib qolingan qismi goʻzal tabiati, musaffo havosi, shirin anjir-u uzum, olmalari bilan mashhur. Shuning uchun ham bu yerga mahalliy va xorijlik sayyohlar koʻp keladi.

Bir necha asrlik anjir bogʻlari-yu, hunarmandchilik maskanlari, osh palovi-yu, boshqa goʻzal maskanlari bilan mashhur Bogʻibaland mahallasi hozirda mamlakatimizdagi ilk turistik mahalla maqomini olgan. Bogʻ hududida 20 ga yaqin dam olish maskani, degustatsiya uchun milliy uslubdagi joylar tashkil etilgan.

— Mahallamizda 4885 nafar aholi yashaydi, — deydi Bogʻibaland mahallasi hokim yordamchisi Akmal Ismoilov. — Drayverimiz savdo va xizmat koʻrsatishga asoslangan boʻlib, mahallaga turizm mahallasi maqomining berilishi imkoniyatlarimizni yanada kengaytirdi. Hududda piyoda, velosiped, elektromobil, velomobil, otda sayr qilish uchun sharoit yaratildi. Mehmonlarning qulay harakatlanishi uchun yoʻl koʻrsatkichlari, stella va bogʻ xaritasi oʻrnatildi. Mahallaning barcha uchun qulay joyida turizm axborot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, zaruriy maʼlumotlar joylashtirildi. Shuningdek, mahalladagi 40 gektar anjirzor toʻrtta fermer xoʻjaligiga biriktirilgan boʻlib, undan 72 ta oila foydalanmoqda. Anjir daraxtlarini ekish, yetishtirish, hosilni yigʻish jarayoni bilan sayyohlarni tanishtirish va ushbu jarayonlarda mehmonlarning oʻzlari ham ishtirok etishlari uchun sharoit yaratilgan.

Mutaxassislarning fikricha, yurtimizning turli hududlarida yetishtiriladigan anjir mevalari orasida Bogʻibaland anjiri mikroelementlarga boyligi va boshqa xususiyatlari bilan ajralib turadi. Koʻchati shu yerdan olib borilib, Samarqandning boshqa hududlarida ekilganida ham meva Bogʻibalanddagichalik xushtaʼm boʻlmaydi. Bu balki ushbu anjirzorlarning Choʻponota tepaliklari yon bagʻrida joylashgani yoki Zarafshon daryosiga yaqinligi bilan bogʻliqdir.

Anjir juda tez buziladigan meva va pishgandan keyin koʻpi bilan 8-10 soat turishi mumkin. Boshqa mevalar kabi sovitkichda ham saqlab boʻlmaydi. Shu bois anjirni eksport qilish qiyin. Xoʻsh, Amir Temurning Bogʻibaland bogʻida mahalla aholisi tomonidan yetishtirilayotgan anjirlar qayerga, qanday sotilyapti?

— Amir Temur bobomiz Ispaniyaga yurishi davomida Samarqandga anjir urugʻlarini olib kelgani haqida ota-bobolarimizdan koʻp eshitganmiz, — deydi Hoji bobo Majidov. — Anjir urugʻlari bobomiz barpo etgan yettita bogʻda ekiladi. Lekin faqat Bogʻibaland mahallasida anjir unib chiqadi. Chunki shimoldan Zarafshon daryosining namligi, gʻarbdan Choʻponota tepaligining issiqligi anjir yetishtirish uchun mos iqlim. 40 gektar bogʻning har gektarida 100 tupdan anjir boʻlib, uni yetishtirish avloddan-avlodga oʻtib kelmoqda. Bogʻning 10 gektari bizga ajratilgan. Hozir toʻrtinchi avlodimiz shu bogʻda mehnat qilib kelmoqda. Sariq anjir Bogʻibaland brendi hisoblanadi. Yiliga ikki marta hosil beradi. Birinchi hosilni bahor oylarida eski novdadan olyapmiz. Ikkinchi hosil yangi novdadan avgust oyida olishni boshladik. Anjirlarning erta pishganlarini murabbo, shinni qilib va quritib viloyatimiz va shu hududga yaqin mahalliy bozorlarga sotyapmiz.

Hududda ayni paytda 4 ta fermer xoʻjaligi anjir yetishtirish bilan shugʻullanmoqda. Mahalladagi “Bogʻibaland anjirlari” fermer xoʻjaligida “Anjir sayli” oʻtkazilib turiladi. Sayilda noyob, lazzatli anjirning turli-tuman yangi navlari yarmarkasi ham tashkil etiladi.

— Bogʻimizda ming tup anjirimiz bor, — deydi “Bogʻibaland anjirlari” fermer xoʻjaligi rahbari Rustam Muinov. — Mahalla hududida 40 gektar anjirzor bor. Bizning bogʻimizning umumiy maydoni 9 gektarni tashkil qiladi. Hozirgi kunda 17 nafar ishchi bilan shahrimiz aholisi va mehmonlarga sariq va qora rangli sarxil anjirlarni yetkazayapmiz.

Anjirni bejizga jannat mevasi, deyishmaydi. Och sariq yoki siyohrang tusli noksimon bu meva vitamin va quvvatbaxsh moddalari bilan insonga salomatlik, goʻzallik va yoshlik baxsh etadi.

Bogʻibaland mahallasidagi anjir daraxtlari 200, hatto 300 yilgacha yashab, meva berib kelyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?