Sogʻliqni saqlash korrupsiyadan xoli ijtimoiy soha boʻlishi shart
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasiga koʻra, “har kim sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli”. Mazkur norma Qomusimizning muqaddimasi va 1-moddasida oʻz aksini topgan “ijtimoiy davlat” tamoyiliga toʻla mos tushadi va uni oʻzida ifodalaydi. Zero, ijtimoiy davlat tamoyilining eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida sogʻliqni saqlash tizimini aytish lozim. Taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, mamlakatimiz aholisiga tibbiy yordam koʻrsatishning sifati oshirish, tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish, tibbiyot sohasi xodimlarini oylik ish haqlarini oshirish, doimiy ragʻbatlantirish choralarini koʻrish kabilarni misol sifatida keltirish mumkin. Agarda raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak internet maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda Davlat byudjeti xarajatlarining 50 foizi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan. Xususan, taʼlim, fan, sogʻliqni saqlash sohalariga ijtimoiy xarajatlarning 72 foizi yoʻnaltirildi. Aholiga sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida sohaga ajratilgan mablagʻlar miqdori 2023-yilga nisbatan 5 trillion soʻmga oshirilib, 36 trillion soʻmga yetgan va bolalar vaksinatsiyasi uchun 240 milliard soʻm, dori-darmon, tibbiyot vositalari uchun 3 trillion soʻm ajratilgan.
Yuqorida qayd etilgan maʼlumotlar va keltirilgan raqamlardan mamlakatimizda “ijtimoiy davlat” tamoyilini toʻliq amalga oshirish va uning natijasini xalqimizning “roziligi ifodasi”da koʻrish maqsad qilingan. Tibbiyot sohasi uchun ajratilayotgan mablagʻlar sarflanishi va islohotlarni ochiq, shaffof hamda samarali amalga oshirish bugungi kunda davlatimiz oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Zero, mazkur islohotlarni toʻliq amalga oshirish jarayoniga sohada uchrab turadigan korrupsiya holatlari oʻzini salbiy taʼsirini koʻrsatadi. Taassufi, “maishiy korrupsiya” aynan tibbiyot sohasidagi koʻp uchraydi. Maishiy korrupsiya deganda biz “davlat organlarida asosiy xizmatlardan foydalanishga uringan bevosita fuqarolar bilan aloqa qilishda hokimiyatning quyi va oʻrta boʻgʻinlari mansabdor shaxslarining kundalik ishonchli vakolatlarini suiisteʼmol qilishi”ni tushunamiz.
Bizning fikrimizcha, sogʻliqni saqlash tizimidagi korrupsiya omillarini yuzaga keltirishda soha vakillarini ijtimoiy himoyasi va oylik ish haqlarining pastligi, tibbiy xizmatlarning avtomatlashtirilmaganligi va shaffof emasligi, baʼzi xizmatlarda soha vakillari tomonidan “maxfiylik” darajasining oshirib yuborilishi kabilarni keltirish mumkin.
Shu bilan birga, 2023-yilda sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, “korrupsion jinoyatlarning asosiy qismi xodimlarning ish haqini oʻzlashtirish, ishga kiritish yoki ish soatini koʻpaytirish, davlat xaridlari, tibbiyot muassasalariga tegishli mol-mulk va byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish, tibbiy muolajalar uchun pora olish kabi holatlar bilan bogʻliq. Tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va ularga ish haqini hisoblash bilan bogʻliq korrupsion jinoyat sodir etgan shaxslar soni sogʻliqni saqlash tizimidagi jami jinoyat sodir etgan shaxslarning deyarli 50 foizini tashkil etgan”.
Mamlakatimizda sogʻliqni saqlashni “korrupsiyasiz soha” sifatidagi maqomini belgilash boʻyicha bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil iyul oyida Sogʻliqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish ishlarining holati yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T.Narbayeva ishtirokida oʻtkazilgan majlisda Respublikada bemorlarning yagona maʼlumotlar bazasini yaratish maqsadida “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron tibbiy karta”, “Laboratoriya”, “Emlash (vaksinatsiya)”, “Elektron retsept” va “Homilador ayollar hisobi” kabi modullarni oʻzida jamlagan Yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) ishlab chiqilganligi qayd etildi. Shu bilan birga, “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish boʻyicha yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, davlat xaridlarini amalga oshirish, ochiqlikni taʼminlash, tibbiy xizmat koʻrsatish jarayonlaridagi ayrim muammoli holatlar qayd etildi.
Fikrimizcha, sogʻliqni saqlash tizimidagi korrupsiyaning oqibatlari juda ham ayanchli boʻlishi va uning salbiy taʼsiri keng qamrovli boʻlishi ham mumkin. Shu sababdan bu sohadagi korrupsiyani oldini olish va bartaraf etish boshqa yoʻnalishlarga qaraganda ustuvorlik kasb etishi lozim. Quyidagi taklif etilayotgan choralar sohadagi korrupsiyani oldini olishda asosiy oʻrin tutishi mumkin:
- ochiqlik (ayniqsa, tibbiy xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq, tibbiy buyumlar va dori vositalari tenderi kabi);
- jamoatchilik vakillarining sohadagi ishtiroki va nazorati;
- tibbiy xizmatlarni avtomatlashtirish va sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanish;
- korrupsiya holatlari haqida xabar bergan shaxslarni sir saqlanishi kafolati.
Albatta sogʻliqni saqlash tizimidagi korrupsiyani oldini olish bilan bogʻliq choralar ushbu tizimning oʻziga xosligidan kelib chiqib amalga oshirish lozim. Zero, sogʻliqni saqlash tizimidagi korrupsiyani oldini olish va bartaraf etishning qiyinligi shundaki, juda koʻp hollarda bunda “ikki tomonlama” rozilik asosida amalga oshiriladi. Maʼlumki, korrupsiya jamiyatda adolatsizlik bilan birga aholining noroziligiga ham sabab boʻladi.
Sogʻliqni saqlash tizimidagi korrupsiya xavf-xatarlarini oldini olish va bartaraf etish kompleks chora-tadbirlar tizimi hisoblanadi. Xususan, bu islohotlar va tadbirlar ijtimoiy-iqtisodiy choralar (masalan, soha vakillarini moddiy ragʻbatlantirish), tashkiliy choralar (masalan, byudjet mablagʻlarini toʻgʻri sarflanishi, tibbiy tashkilotlar faoliyatining ochiqligi kabi), siyosiy choralar (jamoatchilik nazoratining amalga oshirilishi), aholi oʻrtasida huquqiy ong va madaniyatni oshirish (ijtimoiy tenglik gʻoyasini doimiy rivojlantirib borish, soha vakillari orasida professionalizm va huquqiy bilimlarni oshirish kabi) choralarini qamrab oladi. Zero, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev taʼbirlari bilan aytganda, “tibbiyot sohasidagi islohotlar aholining hayotdan roziligi, el-yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilsin”.
Mamurov Olimjon Islomovich
Oliy toifali shifokor, t.f.f.d. (PhD)
Xonniyozov Doston Nurali oʻgʻli
Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza
qilish akademiyasi magistri
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring