Siz oʻz ovozingizni pulga sotasizmi?

17:53 27 Avgust 2025 Jamiyat
189 0

Bugungi kunda odamlar gavjum joylarda “Tashabbusli byudjet” uchun ovozni pulga sotib oluvchilar yoki salqin ichimlikka almashtiruvchilarning “savdosi” avjida. Ijtimoiy tarmoqda esa hatto mashhur shaxslar ham ochiqdan-ochiq targʻibotga kirishib ketgan. Kimdir bir ovoz uchun 200 ming soʻm taklif qilsa, boshqasi minglab ovozlar uchun avtomobil vaʼda qilmoqda. Aksariyat yurtdoshlar esa oʻzi yashab turgan chang koʻchaning ahvoliga achinmay qoʻydi, negaki ovoz “narxi” oshishini kutishmoqda. Chunki, ovoz berish yakunlangani sari bir “baklajka” suv yoki paxta yogʻiga almashtirilishini yaxshi bilishadi. Bu holat qonunga zid xatti-harakatdir. Negaki, bunda jarayonning adolatliligiga putur yetadi.

—Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida yozilganidek “Fuqarolar davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda bevosita, shuningdek, oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega”,—deydi Andijon viloyat adliya boshqarmasi huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi Umidbek Hakimov. —Demak, tashabbusli byudjetda ovoz berish ham fuqarolarning ushbu huquqi ichiga kiradi va uning erkinligi davlat tomonidan kafolatlanadi. “Byudjet kodeksi” esa fuqarolar tashabbuslari asosida mahalliy byudjet mablagʻlarini ajratish tartibini belgilaydi. Unda jarayonning shaffof va xolis boʻlishi shartligi qayd etilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda ham qator normalar mavjudki, ular bevosita ovoz berish jarayonida pul taklif qilish yoki yolgʻon vaʼda berish kabi xatti-harakatlarga nisbatan ham qoʻllanilishi mumkin. Bu esa “ovozingizga pul toʻlaymiz” degan chaqiriqlar axloqsizlik emas, balki qonunbuzarlik ekanligini ham tasdiqlaydi.

“Ochiq byudjet” portali xalqning davlat mablagʻlari taqsimotida bevosita ishtirokini taʼminlaydigan yangicha mexanizm. Bu jarayonda har bir fuqaro ovozidan oʻrinli foydalansa mahalla va tumandagi muhim muammolarga yechim topish tezlashadi. Shu bois, aholi oʻz ovozini qadrlashi, shaxsiy irodasi bilan ishtirok etishi yurtimizdagi demokratik islohotlarning samarasini taʼminlaydi.

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?