“Siz aslo yolgʻiz emassiz”

13:38 05 Iyun 2025 Jamiyat
142 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. 2024-yilning dekabri Buxoro tumanidagi “Oybek” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Shahnoza Sadirova va uning oilasi aʼzolari uchun ogʻir kechdi. Kutilmaganda opaning qizi, 17 yoshli Shahnoza avtohalokatga uchradi. Koma holatiga tushgan qizga zudlik bilan davolash muolajalari oʻtkazildi. Oila tashvishiga mahalla-koʻy, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi jamoasi sherik boʻldi.

— Qizimning orqa miyasi shikastlangan, yura olmaydi, — deydi Shahnoza opa. — Lekin ahvoli kundan-kunga yaxshilanib bormoqda. Baʼzan bir ogʻiz shirin soʻz ham dardingni yengil qiladi. Esimda, ijtimoiy xizmatlar markazidan kelib, “Opa, siz aslo yolgʻiz emassiz”, deyishganida allanechuk boʻlib ketganman. Oilamizni mushkul paytda yolgʻiz qoldirmay, moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlagan barcha-barchadan minnatdormiz.

Bizni shu mahallada yashovchi Shahrizod Shokirovning taqdiri ham qiziqtirib qoʻydi. Gap shundaki, u bolalikdan nogiron. Tumandagi 49-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi sanaladi. Uyda taʼlim oladi.

— Shahrizodning ahvolidan ilk bor xabarlashgani kelganimda uning nogironlik aravachasi eskirib, yaroqsiz boʻlib qolganini koʻrdim, — deydi tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining mahalladagi xodimi Sitora Mirsoliyeva. — Buning ustiga bola oʻz qobigʻida qolgan, tushkun holda edi. Unga markazimiz tomonidan elektr yuritmali aravacha olib berildi. Psixologik xizmat koʻrsatildi. Shahrizodning shashka oʻynashga va rasm chizishga qiziqishi bor. Undagi shu ishtiyoqni kuchaytirishga eʼtibor qaratdim. Hozir tuman miqyosidagi musobaqalarga qatnashyapti. Chizgan rasmlari yarmarkada sotildi. Muhimi, u odamlarga, jamiyatga kerakligini his eta boshladi. Kelajakda arxitektor boʻlish niyatida.

— Tumanimizda ayni damda 182 ming 400 kishi istiqomat qilmoqda, — deydi markaz rahbari Laziz Haydarov. — Mahallalarda 35 nafar xodimimiz faoliyat olib bormoqda. Biz ijtimoiy himoyaga ehtiyojmandlarga professional darajada xizmat koʻrsatyapmiz. Umuman, aholiga koʻrsatilayotgan xizmat turlari soni yuzdan ziyoddir. Biz markazda oʻzini Oyim Nasimova deya tanishtirgan murojaatchi bilan ham suhbatlashdik.

— Oʻgʻlim bilan kelinim olis oʻlkalarga ishlagani ketishgan, — deydi u. — Ularning roziligi bilan toʻrt nafar nevaramni vasiylikka olyapman. Markazga murojaat qildim. Kerakli hujjatlarni taqdim etishim bilan ishim nari borsa bir haftada bitadi.

Aytish lozimki, aholining ehtiyojmand qatlamlariga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻlami tobora kengaymoqda. Bu jarayon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi hamda tuman, shaharlardagi “Inson” ijtimoiy xizmat markazlari tomonidan tizimli asosda yoʻlga qoʻyilgan.

Prezidentning tegishli farmon va qarorlariga muvofiq, bugungi kunda viloyat boʻyicha 30 ta ijtimoiy muassasa hamda 7 ta Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalar aholiga sifatli xizmat koʻrsatmoqda. Xizmat turlari soni 49 tadan 109 taga yetkazildi. Shuning 71 turdagisi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish, 16 turdagisi tushuntirish berish, 22 turdagi esa referal xizmatlardan iborat.

Tizimdagi urush va mehnat faxriylari uchun moʻljallangan sanatoriy faoliyati ham diqqatga sazovor. Bu yerda dam olish va davolanish uchun zamonaviy qulayliklar yaratilgan.

— Ushbu sanatoriyda oʻtgan yilda ham davolanib, hordiq chiqargandik, — deydi toshkentlik 68 yoshli Nurxoʻja Doniyorov. — Kampirimga ham, oʻzimga ham juda maʼqul tushgandi. Shu boisdan bu yil ham aynan, Buxoroda dam olib, salomatligimizni tiklash fikriga keldik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер