Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin

16:00 09 Noyabr 2025 Dunyo
985 0

Eron poytaxti Tehronda qurgʻoqchilik tufayli suv tanqisligi falokatli darajaga yetdi. Mamlakat prezidenti Masud Pezeshkiyon poytaxtni evakuatsiya qilish mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqida BILD nashri xabar berdi.

Agar noyabr oyi oxiriga qadar Tehronda yomgʻir yogʻmasa, biz suvni chegirma bilan taqsimlashga oʻtamiz. Ushbu choralar ham vaqtinchalik, bu orada ham yomgʻir yogʻmasa, poytaxtni evakuatsiya qilishga majbur boʻlamiz”, — deydi Pezeshkiyon.

Tehron suv boshqarmasi vakili Behzad Parsaning maʼlum qilishicha, poytaxtning asosiy ichimlik suv manbai boʻlgan Amir Kabir suv ombori hisoblanib, ayni vaqtda unda atigi 14 million kubometr suv mavjud. Bu ushbu suv ombori sigʻimining sakkiz foizini tashkil qiladi. Bunday zaxira bilan shahar oʻzini uzogʻi bilan ikki hafta suv bilan taʼminlay oladi.

Maʼlumot uchun, Tehron aholisi 10 milliondan ortiq va ular kuniga taxminan 3 million kubometr suv isteʼmol qiladi. Xarajatlarni tejash chorasi sifatida, soʻnggi kunlarda Tehronning bir nechta hududlarida suv taʼminoti vaqtincha uzilgani haqida xabarlar bor.

Yaqin Sharq va global tartibni oʻrganish markazi oʻzining soʻnggi tahliliy hisobotida Eronning suv inqirozi faqatgina suv omborlari bilan bogʻliq emas, balki tobora kamayib borayotgan yer osti suv qatlamlariga ham taalluqli degan xulosaga kelgan.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, Tehrondagi vaziyat yomonlashishda davom etadi. Sababi Eron rahbariyati qurgʻoqchilikni oldini olish uchun infratuzilmalarga sarmoya kiritishga harakat qilayotgani toʻgʻrisida hech qanday maʼlumotlar yoʻq. Qoʻshimcha qilinishicha, suv bilan bogʻliq vaziyat salbiy siyosiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?