Shirkatlar nega qulogʻigacha qarzga botdi?
Olmaliq shahar hokimligi 2020-2021-yillar kuz-qish mavsumida aholiga namunali xizmat koʻrsatish maqsadida poytaxtning Yunusobod tumanida tashkil etilgan “Boshqaruv servis kompaniyasi” ish tajribasini ommalashtirdi. Xoʻsh bu qanday uslub? Uning amaldagi uy-joy mulkdorlar shirkatidan farqi nimada? Bugun Toshkent viloyatida yagona sanalayotgan bu yangi uslub Olmaliqdagi mavjud 674 ta koʻp qavatli uy-joylarda istiqomat qilayotgan aholi ishonchini oqlaydimi? Joriy yilning 31-oktyabr kuni shahar hokimi Qobil Hamdamov rahbarligida tegishli soha mutasaddilari hamda OAV xodimlari va blogerlar ishtirokida oʻtgan Media-turda bu kabi savollarga javob qidirildi.

Shahar hokimligi taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda 355 ta turar-joylarga 37 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va 1 ta “Boshqaruv servis kompaniyasi xizmat koʻrsatmoqda. 306 ta uylar esa, “Olmalik KMK” AJ tassaruffida boʻlib, 13 ta koʻp qavatli turar-joy binolari shirkatga aʼzo boʻlmagan “mustaqil uylar” maqomini olgan.

Maʼlumotlarda, aholi turar-joylarini 2020-2021-yil kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun “Manzilli dastur” shakllantirilgan. Unga koʻra, 18 ta koʻp qavatli binolarni joriy va mukammal taʼmirlash uchun «Oʻzsanoatqurilishbank», «Ipotekabank», «Hamkorbank», Xalq banki, TIF "O'zmilliybank" kabi moliya tashkilotlarining 904,0 mln.soʻm mablagʻlari yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan edi. Biroq, shirkatlarning iqtisodiy salohiyati pastligi, aholidan yigʻilayotgan majburiy badallar kamligi tufayli pandemiya davrida pul tushumining keskin kamayishi kuzatildi. Banklardan olingan kredit mablagʻlarini qaytarish imkoniyati cheklana boshladi. Natijada, shahardagi ayrim shirkatlarga tijorat banklari kredit ajratishni toʻxtatdi. Natijada rejalashtirilgan 18 ta uy oʻrniga dasturdagi 7 ta uylarga 526,0 mln. soʻm mablagʻ ajratilishi bilan kifoyalandi. Bunday yoʻl tutilishining ikkinchi sababi ham bor. Shahar hokimining taʼkidlashicha, ayni kunda mavjud shirkatlar qulogʻigacha qarzga botgan. Aholidan yigʻib olingan badallardan maqsadsiz foydalanish faktlari ham mavjud. Shirkatlar oʻtgan yillarda tijorat banklaridan olgan kredit mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarishmagan. Oqibatda, bugun ularning tijorat banklaridan qarzdorlik summasi 13 milliardni tashkil etmoqda. Shahar aholisining esa shirkatlardan muddati kechiktirilgan qarzlari miqdori 2 milliarddan soʻm. Mutasaddilarning hisob-kitoblariga koʻra, bir yilda aholidan 7 milliard soʻm atrofida badal toʻlovlari yigʻilishi mumkin. Demak, shirkatlar banklardan olingan qarzlarni qoplashi uchun roppa-rosa ikki yil vaqt kerak boʻladi. Xoʻsh bunga moliya tashkilotlarining sabri yetarmikan?
Aslida, viloyatda ilk bor tajriba tariqasida Olmaliqda “Boshqaruv servis kompaniyasi”ning joriy etilishidan maqsad ham, shirkatlar yoʻl qoʻygan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, pul mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini butunlay bartaraf etib, ular zimmasidagi qarzdorlikni tugatish, aholiga namunali xizmat koʻrsatish tizimini shakllantirish orqali odamlar ishonchini oqlashdan iborat.
—Joriy yilning 1-oktyabridan boshlab faoliyat koʻrsatmoqdamiz,-deydi “Olmaliq kommunal servis” professional boshqaruv kompaniyasi rahbari Tolib Qahhorov. — “Oltin vodiy” “Yaxshi niyat”, “Sodiq servis”, “Samandar servis”, «Akrombek prestij», “Olmaliq kommunal” singari shirkatlar kompaniyamizga biriktirildi. Sababi, ularning zimmasida 650 million soʻmdan ziyod qarzdorliklar mavjud. Qolaversa, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati ham nihoyatda past. Shirkatlar kompaniyamiz tarkibida qayta oyoqqa turib, banklar oldidagi kredit qarzdorliklari bosqichma-bosqich bartaraf etiladi.

Bu yangi ish uslubining yana bir afzalligi shundaki, aholiga 24 soat davomida xizmat koʻrsatamiz. Buning uchun kunu tun ishlaydigan maxsus brigadalar tashkil etilgan. Turar-joylarning yertoʻla qismi va xonadonlardagi mavjud nosozliklarni bartaraf etishda foydalaniladigan barcha santexnikv vositalari va butlovchi qismlar shirkatlar davridagidek bozordan erkin narxlarga emas, balki, bevosita ishlab chiqaruvchi korxonalardan xarid qilinadi. Albatta bu aholiga arzon xizmatlar koʻrsatishga imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda, ushbu kompaniyada 22 nafar ishchilar mehnat qilishmoqda. Ularning mutaxassisligi va lavozimiga qarab, 1,5 milliondan 2,5 million soʻmgacha oylik ish haqi belgilangan. Biroq, bu yangi ish boshlagan mehnat jamoasining ichki imkoniyatlari. Xoʻsh shahardagi koʻp qavatli binolarda istiqomat qiluvchilar ular xizmatidan mamnunmi? Bu va boshqa savollarga javob topish uchun shaharning Abdulla Qahhor 5/3 dahasiga yoʻl olamiz.
—Isitish tizimi taʼmirtalabligi bois xonadonlarimiz sovuq. Yillar davomida ahvol shu. Nosozliklar xususida shirkatga buyurtma beraveramiz, biroq foydasi yoʻq,-deydi biz bilan suhbatda 12-uy, 17-xonadonda yashovchi keksa yoshli Tojiniso Normatova. — Ustki issiq kiyim-bosh bilan tungi uyquga yotamiz. Chunki, xonalar sovuq. Hademay qahraton qish boshlanadi. Unda holimiz nima kechadi bilmadim.
Qoʻshni 18-xonadon sohibasi Mavluda Xoljigitova ham oʻzi yashayotgan uyning bir maromda isitilmasligidan shikoyat qildi: «Yil davomida isitish tizimi uchun har oyda 45.000 soʻmdan uzluksiz toʻlov qilyapmiz. Vaholanki, bor-yoʻgʻi oshib borsa, 6 oy bu tizimdan foydalanamiz xalos. Menimcha bu jarayonni qayta koʻrib chiqish kerak. Axir, bajarilmagan xizmatga bahor, yoz va kuz oylari uchun ham pul toʻlab kelyapmiz-da!»-deydi M.Xoljigitova.

Oʻzini 44-uyning 23-xonadon sohibasi deb, tanishtirgan Xursanoy Salimovaning eʼtirozlariga quloq tutaylik:
—Yashashimiz uchun oddiy sharoitlar yaratilmagan, deydi u. Xonadonlarga kirish yoʻlaklari (podyezdlar) achinarli ahvolda taʼmirtalab. Uylar oraligʻidagi transport qatnoviga moʻljallangan yoʻllarimiz ham havas qiladigan darajada emas. Yer osti quvurlari va elektr kabellarini taʼmirlash uchun qozish ishlari olib borilgach, koʻmilmasdan, oʻnqir-choʻnqir holatida qolib ketadi. Bir soʻz bilan aytganda, xoʻjasizlik hukmron. Shaharga borish uchun izgʻirinli kunlarda qoʻshni massivga chiqishga majburmiz Chunki 9 ta koʻp qavatli uylar aholisi uchun yoʻnalishli avtoulovlar toʻxtaydigan bekatning oʻzi yoʻq. Buni ham qoʻyib turaylik, aholi uchun haligacha dorixona qurilmagan. Tasavvur qiling, kechasi kimningdir tobi qochib qoldi. Qayerdan dori qidiradi. Shahargacha uch-toʻrt chaqirim yoʻl yurish kerak. Eng yaqin dorixonagacha ham ancha-buncha masofa bor.
Bolalarimiz yonimizda joylashgan 1-umumtaʼlim maktabida tahsil olishadi. Ular darsga qatnaydigan yoʻlda avtoulovlar tezligi tartibga solinmagan. Shu bois haydovchilar koʻngliga siqqan holatda harakatlanishadi. Bu bolalarimiz hayoti uchun oʻta xavfli holat. Buni shahar mutasaddilari jiddiy oʻylab koʻrishlari lozim.

Bu yerdagi aholining kuyinib taʼkidlashicha, massiv atrofiga tutash ekin maydonlarini sugʻorish jarayonida fermerlarning sovuqqonligi tufayli, ushbu koʻp qavatli uylar yertoʻlasini doimiy ravishda suv bosadi. Ayniqsa, kech kuzda oqimga hech kim eʼtibor qilmaydi. Turar-joy massividagi koʻchalar ham suv ostida qoladi. Odamlar bilan yuzma-yuz muloqotda bu gaplarni oʻz qulogʻi bilan eshitgan Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov barcha kamchilik va xatolarni 15 kun muddatda tuzatishga vaʼda berdi...
Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring