Shifokorga qoʻl koʻtargan fuqaro 4 yilga qamaldi

11:29 05 Noyabr 2021 Jamiyat
1160 0

Shu yilning 25-mart kuni Sogʻliqni saqlash vazirligi rasmiy sahifasida “Yana shifokorga tajovuz: mast fuqaro shifokor ayolni kaltakladi” sarlavhali maqola eʼlon qilingan edi.

Unda 24-mart kuni soat 23:15 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul boʻlimiga poytaxtning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N. onasi hamrohligida olib kelingani hamda bu yerda boshqa bemorlarga xizmat koʻrsatayotgani uchun oʻz xizmat faoliyatini oʻtayotgan navbatchi shifokor N.Toshpoʻlatovaga tan jarohati yetkazgani haqida aytilgandi.

Shifokor N.Toshpoʻlatova “Qoʻshma kraniofatsial jarohat. Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miyaning ogʻir darajada lat yeyishi. Subaraxnoidal qon quyulishi. Burun suyaklari va burun toʻsigʻi sinib siljishi. Ensa va burun sohalari yumshoq toʻqimalarining lat yeyishi. Nazogemorreya” tashxisi va bosh miya shishi asorati bilan neyroxirurgiya boʻlimiga yotqizilgan edi.

Oʻsha paytdayoq Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan qonunga muvofiq hukm chiqarilishini soʻrab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat bilan chiqqan edi.

Shundan soʻng tibbiyot xodimiga qoʻl koʻtargan fuqaroga nisbatan jinoiy ish ochilib, surishtiruv ishlari boshlangan.

Jarayon yakunlangach, 2021-yilning 2-noyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudida fuqaro U.N.ga nisbatan sud hukmi oʻqildi.

Sudlanuvchiga jazo turi va muddatini tayinlashda fuqaroning muqaddam sudlanmagani, oʻz aybiga iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti hamda kasalligi, mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan berilgan iltimosnoma jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholandi. Ammo sudlanuvchining mazkur qilmishni gʻarazli niyatda hamda mastlik holatida sodir etgani jazoni ogʻirlashturavchi holatlar sifatida baholangani aytildi.

Hukmga koʻra, U.N.ga nisbatan qoʻllanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi oʻzgarishsiz qoldirildi. Ayblanuvchiga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlariga nisbatan zoʻravonlik holatlariga muttasil qarshi kurashib keladi va barcha yurtdoshlarimizga ularning salomatligini saqlash yoʻlida mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari va insonlik shaʼniga hurmat bilan qarash lozimligini yana bir bor eslatib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер