“Sharaf yorligʻi”: ota-onalar mehnatining oʻziga xos eʼtirofi

18:00 18 Iyun 2025 Jamiyat
293 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Guliston davlat universiteti boshlangʻich tashkilotining tashabbusi bilan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida “Sharaf yorligʻi” loyihasi amalga oshirilayotir. Ushbu loyihaga koʻra eng faol, namunali, tashabbuskor talabalarning uylariga “Ushbu xonadonda Guliston davlat universitetining eng namunali talabasini tarbiyalagan muhtaram ota-ona istiqomat qiladi” degan mazmundagi “Sharaf yorligʻi” oʻrnatilmoqda.

— Talabaning har jihatdan aʼlo koʻrsatkichlarga erishishida ota-onasining oʻrni beqiyos, — deydi Guliston davlat universiteti yoshlar yetakchisi Yorqinjon Hayitboyev. — Shu maʼnoda “Sharaf yorligʻi”ni farzandlari chuqur taʼlim va namunali tarbiya olishiga juda masʼuliyat bilan yondashayotgan ota-onalar mehnatining oʻziga xos eʼtirof etilishi deyish mumkin. Albatta, bu loyiha ularga oʻgʻil-qizlarining yutugʻidan faxrlanish shukuhini baxsh etishi barobarida, boshqa ota-onalar uchun ibrat namunasi boʻlib ham xizmat qiladi.

Eʼtiborlisi, har jihatdan namunali talabalarning ota-onalariga “Sharaf yorligʻi” bilan birga Guliston davlat universiteti rektorining maxsus tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalari ham topshirilmoqda.

“Dolzarb 90 kun”lik doirasida “Dolzarb 90 kun burchagi”, “Mikrofon” media loyihasi, “Bir asar muhokamasi” telekoʻrsatuvi, “Koʻchma “Zakovat”, “Maroqli mutolaa” oʻyini kabi loyihalar ham amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?