Shahrisabzda “Askar onalarni sharaflaymiz” tadbiri oʻtkazildi

10:09 13 Yanvar 2026 Jamiyat
163 0

Shahrisabz tumanida Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qismlarning birida “Askar onalarni sharaflaymiz” deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Shahrisabz tumani boʻlinmasi hamda harbiy qism qoʻmondonligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qashqadaryo viloyatidagi chegara hududlarida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan bir guruh askarlar, ularning onalari va yaqinlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar keyingi yillarda Vatan posbonlari uchun munosib shart-sharoit yaratish, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilganini taʼkidladilar. Natijada harbiy xizmatning nufuzi yanada yuksalib, yoshlar va fuqarolarning bu sohaga boʻlgan qiziqishi ortdi. Bugun farzandi muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgani ota-onalar va yaqinlar uchun faxr va iftixor manbaiga aylanmoqda.

Tadbirning eng hayajonli lahzalari zalga bir guruh askar onalarining kirib kelishi bilan bogʻliq boʻldi. Sogʻinch va quvonchga toʻlgan uchrashuvda harbiy xizmatchilar va onalar bir-birlariga talpinib, samimiy tuygʻularini izhor etdilar.

— Andijon viloyatidanmiz, — deydi oddiy askar Farrux Yoʻldoshevning onasi Mahbubaxon Tojiboyeva. — Oʻgʻlim yoshligidan harbiy boʻlishni orzu qilardi. Bugun u ana shu orzusiga yetib, yurtimiz chegaralarini qoʻriqlamoqda. Ona sifatida oʻgʻlimning Vatan posboni ekanligidan gʻururlanaman.

Tadbir yakunida askar onalariga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?