Shaffoflik va raqamlashtirish kadastr xizmatlari koʻrsatish sifatini oshirmoqda

16:11 05 Sentyabr 2025 Jamiyat
197 0

Abdunabi ALIQULOV/“Xalq soʻzi”. “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularga qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra Davlat kadastrlari palatasi tomonidan “Koʻchmas mulklarni xatlov yoʻli bilan texnik inventarizatsiyadan oʻtkazish va elektron yigʻmajildini tayyorlash tartibi toʻgʻrisida” uslubiy qoʻllanma tayyorlandi. Mazkur hujjat bilan palataning elektron manzilida tanishish, mabodo savollar tugʻilsa, ularga kadastr idorasiga borib oʻtirmasdan, yana internet orqali kerakli javoblarni olish mumkin. Bu oʻngʻaylik Davlat kadastrlari palatasi ish samaradorligini oshirish, sohada shaffoflikni toʻliq taʼminlash, mutaxassislarning tez va aniq ishlashiga sharoit tugʻdirmoqda.

— Agar sizga biror tanishingiz qoʻngʻiroq qilib, hovli-joyingiz yo oʻzboshimchalik bilan egallab olingan joyni zudlik bilan rasmiylashtirib beraman, kadastr idorasida tanishim bor, desa bunga aslo ishonmang. Chunki tizim toʻliq raqamlashtirilgan, qoʻlingizdagi smartfonda, maxsus ilovalar orqali bu haqda bir zumda maʼlumot olishingiz mumkin, — deydi Davlat kadastrlari palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Nozimjon Inomov.

Maʼlumotlarga koʻra, tegishli hujjatlarga muvofiq, respublikamiz boʻyicha jami 48 200 gektar qishloq xoʻjaligi yerlarining toifasi oʻzgardi. Jumladan, 18 560 gektar yer sanoat fondiga, 610 gektar yer aholi punktlari ixtiyoriga, 2,5 gektar yer tarixiy madaniy ahamiyatga molik yerlar fondiga, ming gektari tabiatni muhofaza qilish yoʻnalishiga, 27 840 gektari esa suv fondi hisobiga oʻtkazildi. Davlat kadastr­lari palatasi tomonidan qoʻshimcha ravishda 128 700 ta koʻchmas mulk obyekti hisobga olindi va ularning soni bugungi kunda jami 8 548 300 tani tashkil etmoqda.

— Aholidan tushayotgan har bir murojaat, u xoh yozma, xoh ijtimoiy tarmoq orqali yuborilgan boʻlsin, oʻz vaqtida koʻrilib, egasiga tegishli javoblar berilmoqda. Tushunmovchilik va korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik uchun joylarda xalq bilan bevosita muloqotlar, mahallalarda uchrashuvlar tashkil etyapmiz. Shu yilning oʻzida tizimda aholi bilan 167 marotaba sayyor qabul oʻtkazildi va shu jarayonda oʻn minglab savollarga tushuntirishlar berildi, aksariyat muammolar oʻsha joyning oʻzida hal qilindi, — deya soʻzini davom ettiradi Nozimjon Inomov. — Raqamlarga nazar tashlasak, ayni chogʻda yakka tartibdagi turarjoylar 6 305 700 tani, noturarjoylar 738 500 tani va koʻp qavatli uylardagi xonadonlar soni 1 632 800 tani tashkil qilmoqda. Bu raqam har kuni, har soat ortib boryapti. Chunki respublikamiz boʻyicha xatlov ishlariga 4 yarim mingdan ortiq mutaxassislarimiz jalb etilgan. Ularning saʼy-harakatlari bilan shu yilning 1-avgust holatiga koʻra, respublikamiz boʻyicha jami 534 956 ta turli obyekt xatlovdan oʻtkazildi va ularning 364 130 tasi “Uzkart” dasturiga kiritildi. Shuningdek, jami 211 548 ta obyekt hujjatlari “Etirof” avtomatlashtirilgan tizimda oʻz aksini topdi. Tez orada muhokamada turgan 167 052 ta obyekt boʻyicha ham tegishli xulosalar chiqariladi.

Afsuski, ish jarayonida aholining tushunmovchiligi oqibatida ayrim muammolar ham koʻzga tashlanmoqda. Baʼzi kishilar goʻyo hovli-joyi kadastr idorasi mutaxassislari tomonidan koʻzdan kechirilsa, haqiqiy holat rasmiylashtirilsa, mol-mulk va yer soligʻi keskin oshib ketadi, degan xavotirga bormoqda. Shu bois kadastr xodimlarini uy-joyiga kiritmaslik yo oʻsha mahal uyda boʻlmaslikka intilish holatlari uchrab turibdi. Vaholanki, uy-joylarga boʻlgan huquqni oʻz vaqtida rasmiylashtirish, bu haqdagi maʼlumotlarni kadastr idoralari rasmiy elektron manzilida aks ettirish nafaqat davlatga, balki mulk egasining oʻziga ham bir qator qulayliklar tugʻdiradi. Uy-joyingizni sotishingiz, kredit olish uchun shu mulkni garov sifatida taqdim etishingiz, qarindosh-urugʻlarni shu joyga hisobga qoʻyishingiz uchun ham kadastr hujjati kerak. Bu borada aniqlikka erishmoq kelgusida siz uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochadi.

Qonun talabiga koʻra, respublikamiz boʻyicha yil yakuniga qadar 3 878 ta mahallada xatlov ishlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan va bugungacha 1 766 ta mahallada bu ishlar nihoyasiga yetkazildi.

Davlat kadastrlari palatasi tomonidan bugungi kunda aholiga 17 turdagi xizmatlar koʻrsatilmoqda va tizimning toʻliq raqamlashtirilishi esa xizmat koʻrsatish sifatini yangi pogʻonaga olib chiqdi. Ilgari odamlar arzimagan hujjatni yo oʻz hovlisida amalga oshirilgan yangi qurilishni deb kadastr idorasiga zir-zir qatnashiga toʻgʻri kelardi. Baʼzan uning yonida kadastrdagi muammongizni tezda bitirib beraman, degan shovvozlar ham paydo boʻlib qolardi. Davlatimiz rahbarining oqilona va uzoqni koʻzlagan siyosati tufayli boshqa tarmoqlar qatori kadastr xizmatida ham ish yuritish butkul oʻzgardi.

Har bir yangilik, hujjatlarning elektron nusxalari kompyuterlar miyasidan joy olmoqda. Eng muhimi, jamiyatni izdan chiqaradigan, odamlarning haqli eʼtiroziga sababchi boʻladigan korrupsion holatlar butkul barham topmoqda. Davlat kadastrlari palatasidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, birgina koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazish uchun 1 119 500 ta murojaat tushgani, ularning asosiy qismi ijobiy hal etilgani, qolgani esa mutaxassislar tomonidan oʻrganilayotgani buning yaqqol dalilidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?