Senatning oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisi 6-aprel kuni chaqiriladi

Joriy yilning 4-aprel kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda Senatning oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisini 2023-yilning 6-aprel kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan mazkur yalpi majlisda bir qator qonunlar va masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
“Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni oʻtashni davom ettirish uchun topshirish toʻgʻrisidagi Shartnomani (Nur-Sulton, 2021-yil 6-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida harbiy sohada hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (Toshkent, 2022-yil 21-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida harbiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (Toshkent, 2022-yil 21-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini eshitadi.
Bundan tashqari, yalpi majlis kun tartibi doirasida muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini taʼminlash choralari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga parlament soʻrovi yuborish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish boʻyicha belgilangan vazifalar ijro etilishi yuzasidan 2022-yil 7-oktyabrda qabul qilingan SQ-638–IV sonli qarori bajarilishi masalalarini ham koʻrib chiqish nazarda tutilgan.
Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash rejalashtirilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring