Senat Raisi Nukus tumani faollari bilan uchrashdi

10:41 15 Noyabr 2020 Siyosat
1309 0

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qoraqalpogʻiston Respublikasida bir qator istiqbolli loyihalarni koʻzdan kechirdi.

Kecha, 14-noyabr kuni Oliy Majlis yuqori palatasi Raisi T.Narbayeva Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumani faollari bilan uchrashdi.

Soʻngra “Samanboy” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Progress of children” maktabgacha taʼlim muassasasida boʻlib, tarbiyalanuvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti 2019-yilning iyun oyida foydalanishga topshirilgan. Jami 150 oʻringa moʻljallangan tashkilotda 21 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlangan. Bolalarning har tomonlama taʼlim-tarbiya olishlari uchun bu yerda barcha shart-sharoitlar mavjud. Senat Raisi tashrif davomida bolajonlarga sovgʻalar topshirdi.

Shu kuni tuman Kengashi deputatlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva davlatimiz rahbari tomonidan 2-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida belgilab berilgan topshiriqlardan kelib chiqadigan vazifalar, ularning ijrosini taʼminlashda deputatlarning faolligini oshirish masalasiga toʻxtaldi.

Taʼkidlanganidek, 2020-2022-yillarda Nukus tumani sanoatini rivojlantirish dasturi doirasida 399 milliard 234 million soʻmlik 84 ta loyihani roʻyobga chiqarish rejalashtirilgan. Shundan sanoat sohasida 18 ta, qishloq xoʻjaligi sohasida 44 ta, xizmat koʻrsatish sohasida esa 22 ta loyiha amalga oshiriladi.

Tumanda asosan meva-sabzavotchilik va baliqchilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu jumladan, meva-sabzavotchilik boʻyicha ikkita klaster faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, ikki yil mobaynida gidroponika usulida 4 ta, zamonaviy usulda  8 ta, jami 12 ta issiqxona tashkil etiladi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi bilan 345 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Tadbirda tuman hududida loyihalarning olib borilishida deputatlarning faolligiga urgʻu berildi. Shuningdek, tibbiyot, taʼlim, maktabgacha taʼlim sohalarini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, ayollar va yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayevaning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер