Senat qoʻmitalarida qonunlar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi

19:31 17 Iyun 2020 Siyosat
1112 0

2020-yil 17-iyun kuni Oliy Majlis Senati qoʻmitalarining videokonferensaloqa shaklidagi majlislari boʻlib oʻtdi. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisida “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni dastlabki tarzda muhokama etildi. Taʼkidlanganidek, amaldagi qonunchiligimizda innovatsion faoliyat sohasidagi munosabatlarni, tegishli tushunchalarni, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish va muvaffaqiyatli oʻzlashtirishni tartibga soluvchi yagona qonun hujjati mavjud emas edi. Shu jihatdan mazkur Qonun sohaning qonunchilik asosini mustahkamlaydi. Qolaversa, ilmiy-texnik va innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish, oʻzlashtirish hamda tijoratlashtirishni faollashtirishga xizmat qiladi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni dastlabki tarzda muhokama etildi. Soʻzga chiqqanlar tomonidan qayd etilganidek, qonunchilikda fuqarolarning jamoat tartibini saqlashdagi ishtirokining huquqiy asoslari mavjud emasligi, yurtdoshlarimizning bu jarayonda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi ichki ishlar organlari va boshqa tuzilmalar bilan hamkorligi masalalari tartibga solinmaganligi ushbu sohada qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Garchi muhokama qilinayotgan Qonun yuqorida belgilangan maqsadlarga yoʻnaltirilgan boʻlsa-da, biroq, unda bir qator konseptual kamchiliklar mavjudligi majlisda alohida taʼkidlandi.

Xususan, fuqarolarni jamoat tartibini saqlashga jalb qilishda ularni birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha, huquqiy, jismoniy tayyorgarlikdan oʻtkazish, himoya vositalari bilan taʼminlash, ularning hayoti va sogʻligʻini oʻz mablagʻlari hisobidan sugʻurtalash kabi majburiyatlar Qonunda aks ettirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shuningdek majlisda ushbu hujjatning boshqa bir qator kamchiliklari ham aytib oʻtilib, uni takomiliga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Soʻngra majlis ishtirokchilari “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Taʼkidlanganidek, Qonun 4 ta moddadan iborat boʻlib, kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni nazarda tutadi. Qayd etilganidek, mazkur Qonunning maʼqullanishi kelgusida mahkumlarning huquqlari, erkinliklarini kengaytirish hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala ham muhokama etildi.

Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida Qoʻmita aʼzosi J.Xodjayevning senatorlik faoliyatiga doir hisoboti eshitildi. Shuningdek, Senat, Senat Kengashi va Qoʻmita tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi masala muhokama etildi.

Majlislarda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan qoʻmitalarning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер