Sen baribir muqaddassan...

14:54 18 Aprel 2025 Jamiyat
214 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Ayolga ehtirom — jamiyatning oʻz kelajagi, ertangi kuniga munosabatining koʻzgusi. Bugun jamiyatda gender tengligi taʼminlanganligi, soʻnggi yillarda parlament yoki mahalliy Kengashlarda ayol deputatlarimiz safi muntazam oshib borayotgani yoxud taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimimizda asosiy tarkibi xotin-qizlardan iboratligini tilga olamiz. Biroq ushbu dalillar jamiyatning ayol, ayolning jamiyat oldidagi masʼuliyatini oʻzida toʻliq aks ettiradi deyish mushkul. Rasman ayollar gender tengligi taʼminlangan boʻlsada, biz yuqorida taʼkidlagan mezonlarni oʻzida ifoda eta olmaydi. Qaysi sayyor qabulga bormang, murojaatchilarning aksariyati ayollardan iborat.

— Turmush oʻrtogʻim olamdan oʻtgan, — deydi Navoiy shahridagi “Hayot” MFY, al-Buxoriy koʻchasi 40-uyda istiqomat qiluvchi Nigora Farmonova. — Ikki nafar farzandim bor. Kichigini bogʻchaga joylashtirsam, ishga kirmoqchiman. Agar imkoni boʻlsa, ish ham topib bersangizlar. Oʻzim ish soʻrab borgan idoralarda farzandlaringiz yosh, qiynalib qolasiz, deb qabul qilmayapti.

Farzand dunyoga keltirish, bola parvarishi, roʻzgʻorning kundalik tashvish va ehtiyojlari ayolning imkoniyatlarini bir qadar cheklashi, mehnat bozorida u raqobatlasha olmasligi bor gap. Bunday ayolni ishga qabul qilmagan ish beruvchi mavjud ekan xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularni kamsitishning har qanday koʻrinishlariga barham berish, ijtimoiy faolligini oshirish yoʻlidagi tadbirlar, loyihalar, aksiyalar, turli ijtimoiy daftarlar, maʼruza va yuzma-yuz muloqotlarning jild va bayonnomalari qanchalik koʻp boʻlmasin, jamiyat tafakkuri ham islohga muhtoj ekanini ifoda etadi.

Odatda rasmiy statistikaning noxush koʻrsatkichlari ayol va bolalarga nisbatan, yaʼni jabrlanganlarning falon foizi ayollar yoki bolalardan iborat kabi koʻrinishlarda olinadi. Sababi mazkur ikki qatlami oʻzgalar yordamga muhtojligidagina emas, balki ularning baxt toʻkisligi bir-biriga chambarchas bogʻliqligidadir. Farzandining bogʻchaga borishini taʼminlay olgan ona bolasi kamoliga qaratilgan eʼtiborni oʻzi uchun eng yuqori mukofot sifatida qabul qiladi. Jamiyatda oʻz oʻrni topib, undagi oʻzgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanadi. Afsuski, yuqoridagi misol yagona boʻlganida qalamga olishga arzimasdi.

— Yolgʻiz onaman, — deydi “Istiqlol” MFY al-Buxoriy 162-A uyda yashovchi Mahbuba Abdurashidova. — Bitta farzandim bor. Yotoqxonaga ariza berganman. “Ayollar daftari”ga ham, “Yoshlar daftari”ga ham kiritishmayapti. Roʻyxatdan oʻtgan mahallangga murojaat qil, deyishmoqda.

Ochigʻi, bunday holatlarda mutasaddilarni ayblash koʻpam toʻgʻrimas. Sababi, ayollarga ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatishning ham oʻz tosh-tarozisi, belgilangan nizom va qonun-qoidalari bor. Qolaversa, aksariyat holatlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va oilalarni aniqlashda inson omili chegaralanib bormoqda. Birgina Navoiy viloyatida har beshinchi ayol mahalla faollarining koʻmagi bilan oʻzining muammolariga yechim topdi. Toʻgʻri, bu xamirdan qil sugʻurgandek oson ish emas.

Ayolga ehtirom bu davlat va jamiyat oldida bugungi zamonaviy ayolning masʼuliyati, vazifalari ortib borayotganligini ham oʻzida ifoda etadi. Millat onalari oʻz hayotiy pozitsiyalarini toʻgʻri belgilashi bunda muhim ahamiyatga ega. Zero, keng fikrli, tafakkuri tiniq va eʼtiqodi mustahkam farzandni har tomonlama yetuk ayolgina tarbiyalab voyaga yetkaza oladi.

Navoiy shahridagi Gʻalaba mahallasining kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodimi Lola Ulashova hamda mahalla faollari hamrohligida koʻp qavatli uylar oralab navbatdagi manzilga borarkanmiz, bashang kiyingan yoshgina ayol toʻxtatdi.

— Men oʻzi mahallaga bormoqchi edim, — dedi u L. Ulashovaga murojaat qilib. — Opamning bogʻcha yoshidagi qizi va oʻzimning oʻgʻlim bilan ijarada turamiz. Opam Rossiyada, joʻnatgan puli ijaramizdan ortmayapti. Xullas, ishga kirishim kerak.

Oʻzaro suhbatdan oydinlashdiki, ayol ikki norasida bilan ishga kirishi mushkul, oʻzi ham bunga astoydil jazman emas. Asil maqsad ijara haqi uchun mahalladan moddiy yordam undirish. Asli Navbahor tumanida tugʻilib, hamon oʻsha hududda roʻyxatda qolayotgan fuqaro Lola taklif etgan ish, ijtimoiy daftarlarga kiritish masalasidagi tushuntirishlarni bepisandlik bilan tinglab, “Rossiyaga qaytib ketganim afzal”, deya suhbatga yakun yasadi. Hayratlanarlisi, ayol suhbat yakunidan zarracha tushkunlikka tushmadi.

— Oʻzim ham turmush oʻrtogʻim ham pensionermiz, — deydi shu mahallaning fuqarosi, yoshi yetmishlardan oshgan onaxon. — Oʻn yetti yoshli nabiramiz farzandli boʻldi. Otasidan qoʻrqib, biznikida yashab turibdi. Chaqaloq sunʼiy oziqlantiriladi. Pensiyamizni yetkazolmay qiynalyapmiz. Mahallaga yordam soʻrab chiqsak, nabirang hali 18 yoshga toʻlmagan, moddiy yordam berilmaydi, buning ustiga chaqaloqning otaligi ham belgilanmagan, deyishdi.

Viloyatda oʻtgan yili sudlar tomonidan otalikni belgilash boʻyicha 58 ta murojaat koʻrib chiqilib, ularning 51 tasi qanoatlantirilgan. 7 tasiga rad javoblari berilgan. Mayli ularga mavridi kelganda qaytarmiz, hozir Istiqlol mahallasining Yangi bogʻ koʻchasi 2-uyda istiqomat qiluvchi Arziqulovlar xonadoniga kiraylik.

Ushbu xonadonning toʻrt nafar aʼzosi toʻlov kontrakt asosida OTMlarida oʻqiydi. Oila bekasi Gulshan Arziqulova Navoiy Konchilik va texnologiyalar universitetini tamomlayotgan boʻlsa, oʻgʻli Husan Arziqulov shu taʼlim dargohining 1-bosqich talabasi. Akasi Hasan Arziqulov Toshkent texnika universitetida tahsil oladi. Egizaklarning opasi Malika Ramazonova ham Navoiy Konchilik va texnologiyalar universitetida oʻqiydi. Arziqulovlar kontrakt toʻlovlari uchun bir soʻm ham taʼlim kreditlari olgan emas, deb biror bir idorani bezovta qilgani yoʻq.

— Qoʻziqorin yetishtirishamiz, — deydi Husan chamasi yigirma kvadrat metrlik xonaga boshlab, — Har safar 1 million soʻm tikib olti million soʻm daromad olamiz. Yil mobaynida shuni aylantirib, kontrakt toʻlaymiz. Oʻtgan yili kontraktlardan ortgan daromadimizga 10 kilovattlik quyosh paneli oldik. U ham har oyda 800 ming soʻm foyda boʻlib, oilamiz daromadiga qoʻshildi.

— Koʻp qavatli uyda ijara turish bizga toʻgʻri kelmadi, — deydi shu mahalladagi hovlilardan birida ijarada yashovchi Shohista Barnoyeva. — Birinchidan qimmatroq, ikkinchidan faoliyatimiz qoʻshnilarning oromini buzadi.

Sh.Barnoyeva ikki farzandni voyaga yetkazayotgan yolgʻiz ona. Bozordan uch turdagi yongʻoq xarid qilib, farzandlari bilan chaqib, poʻchogʻidan ajratadi. Keyin ularni har kilogrammiga 10-15 ming soʻm foydasi bilan savdo nuqtalariga tarqatib chiqadi. Aytishicha, yangi qurilayotgan uylardan oʻz boshpanasi uchun boshlangʻich toʻlovga mablagʻ yigʻmoqda. Nasib etsa, kelgusi yil oʻz uyimizga ega boʻlamiz, deydi u. Eng muhimi niyatlar ulugʻ, imkoniyatni oʻzlari tanlashgan.

Biz yuqorida biri-biriga oʻxshamagan taqdirlar va ularning sohiblari duch kelayotgan muammolar, yechimi yoʻlida jamiyat va oʻzlarining munosabati boʻyicha aniq misollar keltirdik. Yaxshisi ham, noxushi ham juzʼiy. Albatta, ertami kech har bir muammo oʻz yechimini topadi. Eng muhimi bugun imkoniyatga munosib, istak, ragʻbat va intilishlar ham yuzaga chiqmoqda. Xalq tili bilan aytganda, oʻzidan tinchimagan ayol bugun yolgʻiz emas. Hurmat va eʼtiborga har doim erishilgan. Mamlakatimizda ayolning nufuzini, ijtimoiy hayotdagi faolligini, huquq va erkinliklarini, ona va oila bekasi sifatida manfaatlarini taʼminlashga bel bogʻlangan ekan, unga oʻzi munosib boʻlish ularning har biridan alohida masʼuliyat, farzandlar kamoli yoʻlida halovatdan kechishni taqozo etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?