Saviskiyni maftun etgan qizil kiymeshek
Qoraqalpogʻiston zamini azaldan boy madaniy merosi, betakror urf-odatlari va xalq amaliy sanʼati bilan mashhur. Bu noyob boyliklarni asrab-avaylash va dunyoga tanitishda muzey asoschisi Igor Vitalyevich Saviskiyning xizmati beqiyosdir. U nafaqat rassom va kolleksioner, balki xalq madaniyatining jonkuyar himoyachisi sifatida ham tarixda qolgan.
XX asrning oʻrtalarida Saviskiy ilmiy ekspeditsiya bilan Qoraqalpogʻistonga keladi. Shu zaminning oʻziga xos madaniyati, xalq turmushi va chevarlik anʼanalari uni darhol oʻziga maftun etadi. Ayniqsa, qoraqalpoq ayollarining kashtachilik sanʼati va milliy liboslaridagi ranglar uygʻunligi Saviskiyda katta qiziqish uygʻotadi. U bu buyumlarni oddiy maishiy ashyo emas, balki xalqning tarixiy xotirasi va badiiy didini ifoda etuvchi haqiqiy sanʼat asarlari sifatida koʻradi.
- Qoraqalpoq milliy liboslari orasida qizil kiymeshek alohida oʻrin tutadi, — deydi Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyining etnografiya boʻlimi rahbari, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Aygul Pirnazarova. — Bu bosh kiyim yosh turmush qurgan ayollarning asosiy liboslaridan biri boʻlib, qizil movut matosidan tikiladi. Uning old qismi murakkab kashtalar bilan bezatilib, geometrik, oʻsimliksimon va zoomorf naqshlar bilan boyitilgan. Bu naqshlar xalqning dunyoqarashi va ramziy tasavvurlarini oʻzida mujassam etadi. Masalan, ularda hosildorlik, farovonlik va himoya timsollari aks etgan. Qizil rang esa hayot, yoshlik va onalik ramzi sifatida talqin qilingan.
Anʼanaga koʻra, kiymeshekning old qismi har bir qiz tomonidan oʻz qoʻli bilan kashtalangan. Bu ish turmushga chiqishdan ancha oldin boshlanib, baʼzan bir necha yil davom etgan. Shu bois har bir kiymeshek oʻziga xos rang uygʻunligi va naqshlari bilan ajralib turgan. Unda chevar qizlarning orzu-umidlari, his-tuygʻulari va kelajakka boʻlgan ishonchi aks etgan.

I.V. Saviskiy qoraqalpoq chevarlarining badiiy mahoratini juda yuqori baholagan. U milliy liboslardagi ranglar uygʻunligi va kompozitsiyani jahon sanʼati bilan qiyoslagan. Saviskiy fikricha, qoraqalpoq kashtalaridagi rang-baranglik mashhur rassomlar asarlaridagi badiiy uslubni eslatadi.
Bu haqda M.I. Zemskayaning “Qumlar orasidagi vaqt” kitobida Saviskiyning quyidagi soʻzlari keltiriladi:
“Ha, ha… Matiss… Buni men allaqachon qizil kiymeshek kashtalarida koʻrganman. Vrubelni ham tanidim. Bu axir qoraqalpoq oqboshqurining rang-barangligi-ku…”
Bu fikrlar Saviskiyning milliy amaliy sanʼatga boʻlgan yuksak ehtiromini yaqqol namoyon etadi. U qoraqalpoq chevarlari yaratgan liboslarni nafaqat etnografik yodgorlik, balki haqiqiy badiiy durdona sifatida qadrlagan.
Saviskiyning saʼy-harakatlari tufayli Qoraqalpogʻistonda noyob muzey kolleksiyasi shakllandi. U milliy liboslar, kashtalar va xalq amaliy sanʼati namunalarini yigʻib, ularni kelajak avlodga yetkazishga xizmat qildi. Bugun muzey toʻplamida saqlanayotgan qizil kiymeshek nafaqat milliy libos namunasi, balki qoraqalpoq chevarlik anʼanalarining yuksak badiiy ifodasi sifatida qadrlanadi.
Shu tariqa, Saviskiyning mehnati tufayli qoraqalpoq xalqining noyob madaniy merosi asrab qolindi va bugungi kunda u nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo madaniy xazinasining muhim qismiga aylangan.
Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring