Satrlarda barhayot siymolar

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. “Umrboqiy meros” madaniyat va sanʼat targʻibot markazi viloyat boʻlimi tashabbusi bilan Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi va boshqa bir qator manfaatdor tashkilotlar hamkorligida Buxoro davlat pedagogika institutida “Satrlarda barhayot siymolar” deb nomlangan respublika adabiy-maʼrifiy anjumani oʻtkazildi. Tadbir ikki zukko ijodkor – Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf hamda Tilak Joʻra ijodiga bagʻishlandi.
Shoir, olim, tarjimon Tilak Joʻra bilan Muhammad Yusufni nafaqat ijod, balki birodarlik rishtalari ham bogʻlab turadi. Ikkalasi ham hassos olim Gʻaybulloh as-Salomning mehr-u eʼtiboridan bahramand boʻlishgan. Undan insoniylik sabogʻini olishgan. Tilak Joʻraning samimiy sheʼrlari Muhammad Yusufni befarq qoldirmagan. Bejiz u bir sheʼrida:
Men uni tugʻilmay turib bilardim,
Murgʻak chogʻ jannatda yuzin koʻrganman.
Tegirmonchilikni orzu qilardim,
Unga havas qilib shoir boʻlganman, — deya yozmagan.
— Tilak Joʻra, Muhammad Yusuf kabi hassos shoirlarning asarlarini oʻqiganingda beixtiyor koʻngildan “Bu ijodkorlar jadidlarning munosib davomchilaridir”, degan fikr kechadi, — deydi tadbir ishtirokchisi, tarix fanlari doktori Shodmon Hayitov. —Tilak Joʻra oʻzining oʻtgan asr yetmishinchi yillar oxirida, mustabid tuzum davrida yozgan “Ona niyati” sheʼrida hurlik, erk gʻoyasini tarannum etgan. “Ot choptirib chiqding uyingdan, Ot choptirib qaytgin, ilohim! Qoʻlingdagi jiloving kabi, Erking boʻlsin oʻzingda doim”, misralarini oʻqib shunday xulosaga kelish mumkin.
Anjumanda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat boʻlimi raisi Shodmon Sulaymon, Muhammad Yusufning rafiqasi Nazira as-Salom, “Sharq Yulduzi” – “Звезда Востока” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Raupov, adabiyotshunos A. Xonov va boshqalar bu ikki zabardast ijodkor haqidagi xotiralarini soʻzlab berdilar. Oʻz navbatida “Umrboqiy meros” madaniyat va sanʼat targʻibot markazi viloyat boʻlimi rahbari Matluba Bozorova ushbu anjumanni oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylanganini taʼkidlab, Tilak Joʻra tugʻilib oʻsgan Qorakoʻl tumanidagi Sayyod qishlogʻida shoir va olim xotirasini abadiylashtirish borasidagi rejalar bilan oʻrtoqlashdi. Institut talaba-yoshlari ijrosida yangragan sheʼr va qoʻshiqlar anjumanga oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring