Samarqandda ham ekologik muhitni yaxshilash uchun zarur choralar koʻrilmoqda

12:22 02 Dekabr 2025 Jamiyat
161 0

Havoda kuzatilayotgan ifloslanishini kamaytirish, atmosferadagi chang va zaharli gazlar koʻpayishining oldini olish maqsadida Samarqand viloyatida ham zarur choralar koʻrilib, toza havo boʻyicha ekologik nazorat oʻrnatilmoqda.

Ana shu maqsadda viloyat ekologiya va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, ular hududdagi sanoat korxonalari, qurilish obyektlarida atmosferaga koʻtarilishi mumkin boʻlgan chang, gazli tashlanmalar, yashil belbogʻ tashkil etish, chiqindi va oqova suvlarning holatini oʻrganish borasida nazorat tadbirlarini olib borishmoqda.

Jumladan, Samarqand shahridagi “Jomboy yashil chiroqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati bir necha yil oldin toʻliq koʻmir yoqilgʻisiga oʻtgan va atmosferaga zarar yetkazmasdan mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etgan.

- Hozirda kuniga 120 tonna koʻmir yoqamiz va 700 tonna sement ishlab chiqaramiz, — deydi jamiyat rahbari Faxriddin Joʻrayev. — Buning uchun Xitoydan qariyb 3,7 milliard soʻmga 2 mingga yaqin havo tozalash filtrlari olib kelib oʻrnatdik. Bu qurilmalar havoga tashlanmalarni 99,4 foizgacha tozalaydi va har olti oyda filtrlarni yangilaymiz. Shu tariqa atmosferaga zararli tashlanmalar chiqarilishining oldi olinmoqda.

Shuningdek, Samarqand viloyatining barcha hududlarida maxsus texnikalar kun davomida koʻchalarga suv sepish, changni kamaytirish, daraxt va koʻkalamzorlarni yuvish kabi amaliy jarayonlarni bajarmoqda. Ushbu ishlar shahar manzarasini yanada toza va chiroyli koʻrsatish bilan birga, ekologik vaziyatni yaxshilashga ham katta yordam beradi.

- Samarqand shahridagi koʻchalarga suv sepish, daraxtlarni yuvish ishlari tumanlarga ham koʻchdi, — deydi Samarqand viloyat ekologiya va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi masʼul xodimi Sherali Iskandarov. — Shahar va tumanlar markazidagi favvoralar kunduz kunlari ishlatib qoʻyilmoqda. Ikki hafta ichida 100 mingdan ortiq daraxtni tozalash rejalashtirilgan boʻlib, bu ishga 150 ga yaqin maxsus texnikalar jalb qilingan.

Shu kabi ishlar bilan birga aholining ekologik madaniyatini oshirish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlamaslik boʻyicha tushuntirish-profilaktika ishlari olib borilmoqda.

Bunday ekologik tadbirlarning muntazam tashkil etilishi aholining turmush tarzini yaxshilash, havo sifatini oshirish va shaharlar boʻylab yashil hududlarni asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?