Samarali himoya hamkorligi

00:51 21 Fevral 2026 Jamiyat
426 0

Inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, shaxs manfaatlarini himoya qilish hamda qonun ustuvorligini qaror toptirish har qanday demokratik davlatning asosiy maqsadi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonda Ombudsman instituti alohida ahamiyatga ega boʻlib, fuqarolar huquqlarini himoya qilishning mustaqil va samarali mexanizmi sifatida faoliyat yuritadi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan institutsional mexanizmlar yaratilishiga katta eʼtibor qaratilgan. MDH davlatlari orasida Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib, 1995-yil 23-fevral kuni Oliy Majlisi huzurida Inson huquqlari boʻyicha vakil (Ombudsman) institutiga asos soldi. Keyinchalik, 1997-yilda qabul qilingan qonun Ombudsmanning huquqiy maqomini, vakolatlarini va faoliyat yoʻnalishlarini belgilab berdi, shuningdek, davlat organlari va mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda ish yuritishini kafolatladi.

2004-yilda institutning maqomi va vakolatlari yangi parlament tuzilmasiga moslashtirish maqsadida qayta koʻrib chiqildi. Shunda Ombudsmanning daxlsizlik huquqi belgilanib, fuqarolar va chet el fuqarolari murojaatlarini koʻrib chiqish, jazoni ijro etish muassasalariga kirib sharoitlarni tekshirish huquqi mustahkamlandi. Davlat idoralari Ombudsmanning soʻroviga asosan barcha zarur hujjat va materiallarni taqdim etishga majbur boʻldi.

Yangi 2024-yil 15-noyabrdagi qonun Ombudsman institutining vakolatlarini yanada kengaytirdi. Endilikda vakil qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlib, davlat idoralariga nisbatan qatʼiy huquqiy choralar qoʻllay oladi. Murojaatlar asosida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari — keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, ayollar huquqlari ustuvorlikka ega.

Ombudsman instituti davlat va jamiyat oʻrtasida muloqot mexanizmi sifatida faoliyat yuritadi, fuqarolarning davlat idoralariga ishonchini mustahkamlaydi va qonun ustuvorligini taʼminlaydi. Shu tariqa, huquqiy madaniyat va fuqarolarning huquqiy ongi yuksalib, jamiyatda adolat va shaffoflik mustahkamlanmoqda.

Shuhrat JOʻRAYEV,
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili,
Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер