Salomatlik va insonparvarlik karvoni

15:37 11 Iyul 2024 Jamiyat
270 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi Nurli Hayot, Boysun tumanidagi Kosiblar mahallasida “Salomatlik” mobil karvoni oʻtkazildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi va uning tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari mahallalardagi fuqarolar muammolarini oʻrgandi. Natijada, Muzrabot tumanida dori-darmonga muhtoj 80, Boysun tumanida 87 oila aniqlandi. Ehtiyojmand fuqarolarga 37 turdagi dori-darmon topshirildi. Muhtojlarga bepul tibbiy maslahatlar, davolanishi uchun yoʻllanma berildi.

Aholining ijtimoiy holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar doirasida mahalladagi maktabgacha taʼlim muassasalari bolalarini oʻquv qurollari bilan taʼminlab, kam taʼminlangan aholi uchun oziq-ovqat toʻplami, aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash, oilalarda sogʻlom muhitni shakllantirish uchun yurak qon-tomir, ichki hamda endokrin kasalliklariga chalingan bemorlar uchun tuman tibbiyot birlashmalariga zarur dori-darmon yetkazib berildi. Yuzdan ortiq murojaatchiga bepul psixologik va yuridik xizmat koʻrsatildi. Tajribali psixologlar stresslarni bartaraf etishga qaratilgan trening mashgʻulotlari tashkil etib, emotsional-hissiy zoʻriqishlarning kelib chiqish sabablarini aniqladi. Zoʻriqishlarning darajasini pasaytirish, stresslarni bartaraf etishga qaratilgan suhbatlar uyushtirildi.

“Salomatlik” mobil karvoni viloyatning boshqa tumanlarida ham aholiga bepul xizmat koʻrsatishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?