Sayxunobodda qayta ishlash korxonalari koʻpaymoqda

15:47 18 Oktyabr 2024 Iqtisodiyot
480 0

Bahrom BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Sayxunobod tumani ahli nafaqat tomorqadan unumli foydalanish, balki investitsiya kiritish, aholini ish bilan taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlikning turli yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish va yanada rivojlantirish borasida ham boshqa hududlarga oʻrnak boʻlmoqda. Shu maʼnoda aytish lozimki, “Sayxunobod tajribasi” asosida butun mamlakatimiz boʻylab keng koʻlamli ishlar kutilgan samarasini berayotir.

Ayni paytda tumanda yangi loyihalarga kirishilmoqda. Xususan, buni “Farovon” kichik sanoat zonasi”da tashkil etilayotgan korxonalar misolida ham koʻrish mumkin. Eʼtiborlisi, ushbu ishlab chiqarish subyektlarining faoliyat turi hududning iqtisodiy imkoniyatlari va ehtiyojlariga monand tarzda boʻlishi taʼminlanmoqda. Deylik, soʻnggi yillarda boshqa tumanlardagi kabi Sayxunobodda ham mosh yetishtirish koʻlami ancha kengaydi. Tabiiyki, mazkur takroriy ekinning hosilini qayta ishlash va qadoqlashga boʻlgan ehtiyoj ham ortdi. Natijada kichik sanoat zonasida ayni va boshqa yoʻnalishdagi korxonalar paydo boʻlayotir.

— Korxonamizda kuniga 150-200 tonna moshni qayta ishlash imkoniyati mavjud, — deydi “JINQUIUWANG” masʼuliyati cheklangan jamiyati korxonasining ijrochi direktori Umid Karimov. – Xitoydan keltirilgan dastgohlarimiz qayta ishlash jarayonida mahsulotni rangi, tozaligi va katta-kichikligiga qarab qadoqlaydi. Kelgusida 60 ta yangi ish oʻrni yaratishni reja qilganmiz. Hozirda aholidan har kilogramm moshni 11 000 soʻmgacha narxda sotib olyapmiz. Aytish lozimki, “Durdona”, “Marjon”, “Gʻalaba-104”, “Navroʻz” kabi moshlarning sifati ham, mazasi ham yaxshi, yaʼni xaridorgir.

Kichik sanoat zonasida “AS-UN- YEM” MCHJ tomonidan tashkil etilgan yem ishlab chiqarish korxonasida tayyorlanadigan mahsulot ham ichki va tashqi bozor talablariga mosligi bilan diqqatga sazovor. Ushbu korxonani bunyod etish uchun 10 million dollar investitsiya kiritilgan boʻlib, kelgusida unda 100 ta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan. Turkiya uskunalari asosida faoliyat olib borishga moʻljallangan korxonada 20 million dollarlik mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan.

Yana bir tadbirkorlik subyekti -“SAYXUN BARAKA” MCHJ esa donni qayta ishlashga ixtisoslashgan.

— Dastlab 60 tonna bugʻdoyni qayta ishlash quvvatiga ega korxona qurilgan edi, — deydi mazkur korxona ish boshqaruvchisi Gʻanisher Nixolov. — 2019-yilda 120 tonna bugʻdoyni qayta ishlovchi uskunalarni oʻrnatdik. Bundan tashqari, 60 tonna sholini qayta ishlaydigan seximiz ham bor. Yana 2025-yilning mart oyidan boshlab 200 tonna bugʻdoyni qayta ishlashga moʻljallangan liniyamiz ishga tushadi.

Sayxunobodda parrandachilik, mato ishlab chiqarish, baliqchilik va boshqa koʻplab sohalarda ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Natijada hududda aholining bandligini taʼminlash barobarida ularning qoʻshimcha daromad topish imkoniyatlari ham kengaymoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?