Ruxsatnomasiz “tonirovka” uchun jarima miqdoriga oʻzgartirish kiritish taklif etilmoqda. Taniqli huquqshunos bu haqda qanday fikr bildirdi?

20:41 03 Oktyabr 2019 Jamiyat
13851 0

Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 126-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida” qonun loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Unga koʻra, MJTKning 126-moddasini quyidagi tahrirda bayon etish taklif etilgan:

“126-modda. Koʻzgusimon oynali, tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish, shuningdek transport vositalari oynalarini ruxsatnomasiz tusini oʻzgartirish (qoraytirish)

Texnik reglamentga muvofiq boʻlmagan koʻzgusimon oynali, tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan qoʻshimcha narsalar oʻrnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish, xuddi shuningdek transport vositalarining orqa yoki old yon oynalarini tegishli ruxsatnomasiz tusini oʻzgartirish (qoraytirish), –

bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi;

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, –

bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Transport vositalarining orqa va old yon oynalarini tegishli ruxsatnomasiz tusini oʻzgartirish (qoraytirish), –

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, –

bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.”

Muhokamalar 17-oktyabr kuni yakuniga yetadi.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev esa ushbu qonun loyihasiga munosabat bildirib, jumladan, shunday deb yozadi:

“Mashinalarning orqa eshigiga parda oʻrnatish masalasi bir necha oylardan buyon yurtimizning turli hududlaridagi sudlarda muhokama boʻlayotganidan xabaringiz bor. Garchi qonunchiligimizda orqa eshikka parda oʻrnatishga ruxsat berilgan boʻlsa-da, lekin Ichki ishlar vazirligi hamda uning Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi buni tan olmasdan, yaʼni boshqacha qilib aytganda qonunlarni oʻzlari tushunmasdan, xalqning ahvolini ogʻirlashtirib, ularga noqonuniy jarimalar solish bilan shugʻullanmoqda.

Ammo yaxshiyam yurtimizda odil sudlov bor. Bir nechta sudlarda ayni shu parda masalasida fuqarolar haqligi, ichki ishlar esa nohaqligi rasman belgilandi.

Yiqilgan kurashga toʻymas deganlariday, ichki ishlar magʻlubiyatiga chidolmasdan kassatsiya instansiyasiga shikoyat qildi. Lekin kecha Buxoro viloyat Maʼmuriy sudida ichki ishlar yana bir bor yutqazdi. Yana oddiy xalq gʻolib chiqdi, orqa eshikka parda oʻrnatish qonuniyligi yana bir bor tan olindi.

Bunday vaziyatda Ichki ishlar vazirligi oʻta nomardlarcha, ammo koʻpchilik kutgan yoʻlni tanladi. Yaʼni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 126-moddasiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi:

Vazirlik qonun loyihasida “haydovchining oʻrnidan tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan qoʻshimcha narsalar oʻrnatish” degan jumlani shunchaki “tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan” deya oʻzgartirishni taklif qilmoqda. Yaʼni “haydovchining oʻrnidan” degan soʻzni sekingina chiqarib tashlashmoqchi.

Agar shu qonun tasdiqlansa, unda xalqning yana bir huquqi, yaʼni mashina orqa oynasiga parda taqish imkoniyati cheklanadi.

Bu nima degani?

Bu shuni anglatadiki, Ichki ishlar vazirligi yana bir bora xalq manfaatlari uchun emas, balki xalqqa qarshi boʻlgan takliflarni bildirishda davom etmoqda.

Avval xuddi shunaqa ishni propiska mavzusida ham koʻrgan edik. Sababi ular propiska masalasida oʻnlab sudlarda magʻlubiyatga uchradi, sud tomonidan ichki ishlar organlarining ogʻzaki va yozma topshiriqlari bir necha bor rasman noqonuniy deya eʼtirof etildi. Buning ortidan ichki ishlardagi mutasaddilar uyalmasdan qonunchilikda xalq foydasiga ishlaydigan qoidalarni “lazeykalar” deb atadi va ularni qonunchilikdan chiqarish, yaʼni xalqning ahvolini ogʻirlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqdi.

Mana, endi xuddi shu holat parda masalasida ham takrorlanmoqda.

Qiziq, bu tashkilotda kimlar ishlaydi oʻzi?

Davlatning birdan-bir manbai boʻlgan oʻzbek xalqi uchun sidqidildan xizmat qiladigan, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, qonunlarni aniq va bir xilda soʻzsiz bajaradigan, xalq uchun kerak boʻlsa jonini ham fido qilishga tayyor boʻlgan vatanparvar xodimlarmi?

Yoki qonunlarni tushunmaydigan, ularni notoʻgʻri talqin qiladigan, qonunga xilof topshiriqlar berib, xalqning ahvolini ogʻirlashtiradigan, sudlarda ketma-ket magʻlubiyatga uchragach, alamidan qonunchilikka xalq manfaatlariga qarshi boʻlgan oʻzgartirish kiritishni taklif qiladiganlarmi?!

Qonunlar shunchalik oʻyinchoqmi? Aslida davlat tashkilotlari qonunlarga boʻysunishi, ularga moslashishi kerakmasmi? Nima uchun qonunlar davlat tashkilotlariga moslashyapti?

Buxorolik haydovchi parda masalasida oʻzining haqligini isbotlash uchun besh oy vaqt sarfladi! Besh oy! Shu vaqt ichida oʻsha fuqaro qancha asab, qancha mablagʻ sarflaganini tasavvur qilyapsizmi? Nima uchun xalq bu darajada qiynalishi kerak? Qonunni tushunmaydigan ayrim rahbarlarni debmi?

“Xalq manfaati barcha narsadan ustun” degan shiorlar ichki ishlar tizimida muz kabi erib, yoʻq boʻlib ketdimi unda?!

Soʻzim soʻnggida tegishli mutasaddilarga qarata aytmoqchiman:

Bu mansab, bu lavozim va oʻzi umuman bu dunyo hammadan oʻtadi. Hech kim umrboqiy rahbar yoki inson emas. Kelinglar, shu muvaqqat rahbarlik davringizda “yana nima qilsak, xalqqa ogʻirroq boʻladi, qonunchilikdagi yana qaysi lazeykalarni yopsak fuqarolarning zarariga ishlaydi?” degan prinsip bilan ishlamasdan, balki aksincha, “yana nima qilsak, xalqqa koʻproq foyda boʻladi, yana nima qilsak ularning ogʻiri yengil boʻladi?” degan shior bilan yashang.

Har holda vijdonli insonlar shunday qilgan boʻlar edi. Yana ham tanlov oʻzingizda. Sizlarni vijdonli insonlar ekanligingizga chin dildan ishongim keladi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?