Rossiyada migrantlar daromadlari haqida IIVga maʼlumot taqdim etishga majbur boʻladi

10:10 10 Fevral 2026 Dunyo
291 0

Rossiyada qonun loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha hukumat komissiyasi “Rossiya Federatsiyasida xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi toʻgʻrisida”gi qonun hamda Soliq kodeksiga oʻzgartishlar kiritishni maʼqulladi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Yangi qoidalarga koʻra, Rossiyada vaqtincha yashab turgan migrantlar oʻzlarining qonuniy daromadlari toʻgʻrisida Rossiya IIVga maʼlumot taqdim etishga majbur boʻladi. Daromadni tasdiqlash uchun hisobot davri uchun daromad haqidagi maʼlumotnoma, soliq deklaratsiyasining nusxasi hamda soliqlar toʻlanganini tasdiqlovchi hujjatlar qabul qilinadi.

Bundan tashqari, ishlash uchun ruxsatnomasi boʻlmagan xorijiy fuqarolar uchun vaqtincha boʻlish muddatini qisqartirish mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Agar daromad tasdiqlanmasa, bunday qisqartirish ularning oila aʼzolariga nisbatan ham qoʻllanilishi mumkin.

Shuningdek, mehnat migrantlari daromadi hudud boʻyicha belgilangan yashash minimumidan past boʻlsa, ular ishlash uchun patent ola olmaydi yoki uni uzaytira olmaydi. Mazkur qoida patentni ilk bor olish holatlariga hamda faqat jismoniy shaxslarda shaxsiy ehtiyojlar uchun ishlayotganlarga tatbiq etilmaydi.

Jismoniy shaxslarda ishlayotgan mehnat migrantlari jismoniy shaxslar daromad soligʻi (NDFL) boʻyicha avans toʻlovini toʻlashga majbur boʻladi. Agar xorijiy fuqaroning qaramogʻida voyaga yetmagan farzandlari boʻlsa, har bir bola uchun NDFL boʻyicha avans toʻlovi miqdori 50 foizga oshiriladi.

Tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlayotganlar uchun bazaviy avans toʻlovi oyiga 1,2 ming rubl, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlar uchun yollangan xodimlar uchun esa 1,7 ming rublni tashkil etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер