Rishtonda Yevropadan keltirilgan qulupnay navi pishdi

15:05 21 Yanvar 2026 Jamiyat
249 0

Tumanning “Qoshqayron” MFYda ikki yildan buyon Yevropadan keltirilgan va sovuqqa chidamli yangi qulupnay navlaridan moʻl hosil olinmoqda.

Shu tarzda Italiya, Polsha, Turkiyadan olib kelingan ertapishar va serhosil, muhimi eksportbop istiqbolli navlar mahalliy iqlim sharoitiga oson moslashdi. Shuningdek, mahalla mirishkorlari qulupnayning Janubiy Koreya navlaridan ham moʻl hosil olib kelmoqdalar.

Ayni kunlarda Farrux Karimjonov tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxonada ilgʻor agrotexnologiyalar yordamida intensiv usulda parvarishlanayotgan qulupnay ilk hosil nishonalarini koʻrsatdi. Yaqin kunlarda sifatli va ekologik toza mahsulot ichki bozorga hamda savdo tarmoqlariga yetkazib beriladi.

—Hozirda 50 ga yaqin aholi xonadonlaridagi issiqxonalarda ilm-fan yutuqlari va innovatsiya gʻoyalari asosida jahon bozori talablariga mos mahsulot yetishtirilmoqda,—deydi “Qoshqayron” MFY raisi Dilmurodjon Hamrayev.—Bu yil ham mahallada oilaviy tadbirkorlik, tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida 40 ta mikroloyiha ishlab chiqildi.

Bogʻdorchilik, xususan, qandak oʻrik yetishtirish mahalla drayveri boʻlib, aholi tasarrufida 350 gektarga yaqin oʻrik bogʻi mavjud.

Margʻilonda “Quvonchli uy“ ochildi

Margʻilon shahrining “Pichoqchi” MFY hududida “Quvonchli uy” nomli nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarishlash xizmati tashkil etildi.

Ezgu maqsad ijobati yoʻlida tadbirkor Munisaxon Bobobekova tashabbusi Margʻilon shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan faol qoʻllab-quvvatlandi. Natijada shinam markazda jahon andozalari darajasida malakali xizmat koʻrsatish faoliyati yoʻlga qoʻyildi. U qariyb 40 oʻringa moʻljallangan boʻlib, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bemor bolalar parvarishlanadi. Bu yerda defektolog, terapevt hamda psixolog muolajasi amalga oshiriladi.

—Maskan ishga tushirilishi tufayli 16 ta yangi ish oʻrni yaratildi,—deydi loyiha tashabbuskori M. Bobobekova.—Bu ishga bolalarni chin dildan ardoqlaydigan va oʻz kasbining haqiqiy fidoyisi boʻlgan mutaxassislar saralab olindi.

Aytish joiz, markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyishda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-fevral kuni qabul qilingan “Nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim huquqiy asos boʻldi.

Atlas va adras libosdagi qoʻgʻirchoqlar

Quvasoy shahridagi “Hamdoʻstlik” MFYda oʻzbek, qirgʻiz, tojik va tatar millatiga mansub hamyurtlarimiz oʻzaro ahil-inoqlikda umrguzaronlik qilib keladi.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi Roziyaxon Mallaboyeva bir necha yillardan buyon milliy andozalarga mos qoʻgʻirchoqlar tayyorlash bilan shugʻullanib, mahalladosh xotin-qizlarga ushbu hunarini oʻrgatib kelmoqda. Ayni kunlarda ham mahalladagi 15 nafar qizlar Roziyaxondan mazkur hunar boʻyicha hayotiy va amaliy saboqlarni olmoqdalar.

Bolalarning sevimli ertak qahramonlari timsolida yaratiladigan keng assortimentdagi mahsulotlar tabiiy ipakdan tayyorlanishi va milliy liboslar bilan bezanishi xaridorlarga juda ham manzur. Tajribali hunarmand ijtimoiy tarmoqda maxsus savdo platformasini tashkil etib, oʻz mahsulotlarini Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatida joylashgan turizm maskanlariga yetkazib berayotir. Shuningdek, Qirgʻizistonga ham eksport qilishga erishmoqda.

—Qoʻgʻirchoq tayyorlashda bolalarga xos begʻuborlik, ijodiy fikrlash juda ham muhim,—deydi mohir hunarmand.—Shuning uchun mazkur hunar bilan shugʻullanish juda ham zavqli. Ziyolilar oilasi sifatida barchamiz asosiy ishimizdan soʻng birgalikda mehnat qilib, har oyda qoʻshimcha 5-6 million soʻm daromadga ega boʻlamiz.

Hozirgi kunda mahallada qariyb 2,5 ming nafar aholi yashaydi va har bir oila muqim daromad manbaiga ega.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?