Rishton – Soʻx yoʻli qayta ochildi — odamlar nima deydi?

10:27 02 Aprel 2021 Jamiyat
2125 0

Aprelning ilk kuni uzoq kutilgan Rishton — Soʻx yoʻli qayta ochilib, chegaraning ikki tomonida yashayotgan qadrdonlar ushbu xushxabarni katta tantana, toʻy sifatida nishonladilar.

Yillar davomida koʻrisha olmay, sogʻinch azobidan qiynalib yashagan insonlarning shirin diydordan baxtiyor chehralarini koʻrib, xalqlarimiz goʻyoki et bilan tirnoq ekanligini his etish mumkin. Ayni lahzalarda bu insonlar qalbida kechayotgan tuygʻularni soʻz bilan ifodalash qiyin, aslida.

Kenjaxon Otaboyeva Rishton tumanining Oqtomir qishlogʻida tugʻilib oʻsgan. Taqdir taqozosi bilan Qirgʻizistonning Qadamjoy tumaniga qarashli Oʻrikzor ayiliga kelib boʻlib tushgan. U hozirgi kunda toʻrt farzandning onasi.

— Taqdirimni “Zumrad va Qimmat” ertagidagi Zumradga oʻxshataman, —deya koʻzlari yoshlanadi Kenjaxon opa. — Ikki yurt chegarasini atigi bitta ariq ajratib turadi. Ammo ota uyimga kelib-ketish uchun oʻn yillar davomida yuz kilometrlab masofa bosib, Vodil chegara posti orqali oʻtishga majbur edim. Shunda ham toʻy yoki maʼraka uchun oila aʼzolarim nomidan telegramma joʻnatilishi kerak boʻlardi.

Oʻzbekistondagi yangilik va oʻzgarishlar, bunyodkorlik ishlarini televizor orqali koʻrib, hayrat va havas bilan yashardim. Bugun Rishtonni koʻrib, koʻzlarimga ishonmadim. Qadrdon maskan butunlay yangilanib ketibdi. Yaqinlarim bilan yigʻlab koʻrishdik, suhbatimiz hech tugamaydi.

Qirgʻizistonning Qadamjoy tumani, Mingchinor ayilidan Rishtonga kelin boʻlib tushgan Guldasta Badalova uch farzandning onasi, shirindan-shakar nabiralarning buvisi boʻldi. Lekin Oʻzbekiston fuqaroligi yoʻq. Shu bois oʻn yildan buyon Qirgʻizistonga – yaqinlarini koʻrgani bora olmaydi.

— 1995-yili Rishtonga kelin boʻlib tushganman, — deya u entikib yigʻlaydi. — Kelin oldim, qiz uzatdim. Ammo yaqinlarim chegara muammosi tufayli toʻyga kelishmadi. Ikkala toʻy ham tatimay, koʻz yoshlarim duv-duv toʻkildi.

Bugun qoʻshaloq xushxabarlardan qalbimda chiroq yongandek boʻldi. Shirin diydor uzoq yillik gʻam-gʻussalarimni aritgan boʻlsa, yaqin kunlarda Oʻzbekiston fuqaroligi berilishi haqidagi yangilikdan yana-da quvondim. Ayni paytda kenja oʻgʻlimni uylash taraddudida edik. Nasib etsa, bu toʻyda qirgʻizistonlik barcha yaqinlarim aziz mehmonimiz sifatida tashrif buyurishadi.

Bahromjon Jumayev Soʻxda yashaydi. Ish yuzasidan Fargʻonaga tez-tez qatnaydigan bu yigit «Yoʻl azobi — goʻr azobi» ekanligini juda yaxshi biladi. Chegaradan oʻtish muammolari tufayli u singari yuzlab, minglab soʻxliklar kunda kunora ana shunday muammo bilan yuzma-yuz boʻlishga majbur edi.

— Qalblarimiz kutilmaganda buloq suvidek toza boʻlib qoldi,-deya Bahromjon taassurotlarini his-hayajon bilan ifodalashga harakat qiladi. — Bugun chegara bilan bogʻliq koʻp yillik qiyinchilik va muammolar unutildi. Shu sababli bir guruh doʻstlar Rishton tumaniga kelib, choyxonada qoʻling oʻrgilsin palovxontoʻra tayyorlatdik.

Soʻx — Rishton chegarasida hayot qaynadi. Nuroniy otaxonlar, kayvoni momolar, navqiron yigit-qizlar, bolajonlar, barcha-barcha diydorlashishga oshiqdi. Yaqinlari bilan diydor koʻrishib qalblari orom topdi.

Ilohi, bu baxtga koʻz tegmasin, qardosh xalqlarimizning doʻstligi abadiy boʻlsin!
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер